Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Tojikiston Rossiyaning yuqori martabali mulozimi bayonotiga raddiya berdi

Tojikiston Rossiyaning yuqori martabali mulozimi bayonotiga raddiya berdi

Tojikiston tashqi ishlar vazirligi Rossiya maxsus xizmatining yuqori martabali vakili tomonidan berilgan bayonotga raddiya berdi.

«Rossiya Federatsiyasi Xavfsizlik kengashi kotibi Nikolay Patrushevning Ukrainaning Dushanbedagi elchixonasi go‘yo Rossiyaga qarshi jangovar harakatlarda qatnashish uchun odam yollayotgani haqidagi bayonotidan xabar topdik. Ta’kidlash joizki, rossiyalik amaldorning ushbu da’vosi hech qanday asosga ega emas», – deydi Tojikiston TIV matbuot kotibi Shohin Samadiy.

Unga ko‘ra, Tojikiston vakolatli idoralari mamlakatda ro‘yxatdan o‘tgan xorij diplomatlari maqomiga nomuvofiq faoliyat bilan shug‘ullanmasligi uchun kerakli choralarni ko‘radi.

Sh.Samadiy rossiyalik yuqori martabali mulozimlarni jamoatchilikni chalg‘itishi mumkin bo‘lgan, haqiqatdan yiroq bayonot va sharhlar berishdan tiyilishga chaqirgan.

Gap shundaki, N.Patrushev joriy yil 3 aprel kuni Ostona shahrida tashkil qilingan ShHTga a’zo davlatlar xavfsizlik kengashlari kotiblarining XIX uchrashuvida Ukrainaning Dushanbe shahridagi elchixonasi Rossiyaga qarshi urushda qatnashish uchun jangchi yollash bilan shug‘ullanayotgani haqida gapirgan. Rossiyalik amaldor Moskva viloyatidagi «Krokus citi holl» konsert zalida sodir etilgan terakt ortida Ukraina maxsus xizmatlari turganini ham aytgan.

Rossiya huquq idoralari 150 ga yaqin insonning o‘limiga olib kelgan 22 mart kungi terakt ortidan gumondorlar sifatida Tojikiston fuqarolarini qo‘lga olgan.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin ham Ukrainani ushbu teraktga aloqadorlikda ayblagan.

Ma’lumot o‘rnida, AQSh tomoni terakt IShID terror guruhi tomonidan amalga oshirilganini aytgan bo‘lsa, Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy mamlakatning voqeaga aloqadorligini qat’iyan rad etgan.

Avval xabar berganimizdek, Tojikistonda «Krokus citi holl» terakti bo‘yicha ayblanayotganlarning yaqinlari so‘roq qilinmoqda. Surishtiruv-tergov jarayonini prezident Imomali Rahmon shaxsiy nazoratiga olgani xabar qilingan.

Terakt ortidan Rossiyadagi tojikistonlik mehnat muhojirlarini kamsitish, qo‘rqitish holatlari qayd etilgan. Tojikiston mehnat vazirining o‘rinbosari Shahnoza Nodiriy ham so‘nggi hodisalar fonida mamlakat fuqarolari Rossiyani ommaviy ravishda tark etayotgani haqida gapirgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring