Tojikiston ham eron dronlari haqidagi iddaolarni rad qildi
Tojikiston TIV ukrainalik jurnalist Dimitriy Gordonning mamlakatni Eronning hudkush dronlarini yig‘ib, Rossiyaga yetkazib berayotganligi borasidagi ayblovini rad qilmoqda.
TIV bayonotida mamlakatning uchinchi davlatlarga harbiy texnika eksport qilmasligi ta’kidlanadi.
«Biz ukrainalik bloger Dmitriy Gordonning 2022-yil 28-oktyabr kuni Eron tomoni Tojikistonda «ukrainaliklarni o‘ldiradigan» dronlarni ishlab chiqargani haqida aytgan so‘zlarini rad etamiz.
Biz Tojikiston Respublikasi uchinchi davlatlarga harbiy texnika eksport qilmasligini ta’kidlaymiz», – deyiladi TIV bayonotida.
Shuningdek, Tojikiston tomoni Gordonga «bunday sharhlarga diqqat bilan yondashishni va tarqatilgan ma’lumotlarning to‘g‘riligini tekshirishni» tavsiya qiladi va rasmiy Kiyevdan ham ushbu masala bo‘yicha hech qanday so‘rov kelib tushmaganini ma’lum qiladi.
Eslatib o‘tamiz, Dmitriy Gordon internetdagi o‘z sahifalarining birida isroillik milliarder Nevzilin bilan suhbatda «ukrainaliklarni o‘ldirayotgan» eron dronlarining Suriya, Iroq va O‘zbekistonda yig‘ilayotgani to‘g‘risida ma’lumot bergan va O‘zbekiston TIV va Mudofaa sanoati davlat qo‘mitasining bayonotidan so‘ng noto‘g‘ri axboroti uchun uzr so‘rab, dronlarni Tojikiston eksport qilayotganini aytgan edi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter