Somalida 587 insonni hayotdan olib ketgan teraktga ikki yil to‘ldi
Mogadisho, 2017-yil 14-oktyabr. Bu kun Somali tarixiga eng qayg‘uli kunlardan biri sifatida kirgan. Qo‘shaloq terakt — mina joylashtirilgan ikkita avtomobil portlatib yuborilishi oqibatida 587 nafar inson halok bo‘lgan, yuzlab kishilar turli darajadagi jarohatlar olishgan.
Avvaliga portlovchi moddalar bilan to‘la yuk mashinasi poytaxtning Xodan tumanidagi «Safari» mehmonxonasi ro‘parasida portlatib yuboriladi. Oqibatda bino butunlay qulab, yuzlab insonlar xarobalar ostida qolib ketadi. O‘lganlar asosan serqatnov ko‘chada narsalarini qo‘yib o‘tirgan savdogarlar va xaridorlar bo‘lgan. Portlash shu darajada kuchli ediki, hatto qo‘shni kvartaldagi restoranlar va hukumat binolari, xususan, Qatar elchixonasi binosiga ham jiddiy shikast yetgan.
Ikkinchi portlash ham xuddi shu kuni hukumat idoralari joylashgan Madina tumanida amalga oshirilib, oqibatda ikki nafar inson nobud bo‘lgan.
Xunrezlik uchun javobgarlikni hech bir terrorchilik guruhi bo‘yniga olishni istamadi. Shunga qaramasdan, Somali hukumati portlashlarda «Al-Qoida»ga aloqador «Ash-Shabob» radikal guruhini aybladi. Chunki guruh jangarilari bungacha mamlakatda o‘nlab teraktlarni amalga oshirishgandi.
Bu oxirgi o‘n yillikdagi nafaqat Somali, balki butun Afrikadagi eng yirik teraktdir.
Somalidagi teraktni BMT misli ko‘rilmagan deya atagan, mamlakat hukumati esa «milliy halokat» deb baholagandi. Prezident Muhammad Abdullohi Muhammad mamlakatda uch kunlik motam e’lon qilgandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter