Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Sen tomondan qilingan har qanday narsa albatta senga qaytadi»

«Sen tomondan qilingan har qanday narsa albatta senga qaytadi»

Yigirmanchi asrning boshlari. Bir shotlandiyalik fermer uyiga qaytayotib, botqoqlik yonidan o‘tar ekan, birdan o‘sha tarafdan yordam so‘rab baqirayotgan ovoz eshitildi. Fermer ovoz kelgan tarafga yugurdi. U yerda botqoqlik o‘zining iflos qa’riga tortayotgan bir bolani ko‘rdi. Bola o‘zini botqoqlikning dahshatli quchog‘idan chiqarishga chiranar, lekin uning har bir harakati bil’aks tobora cho‘kishini tezlatar edi. Bola tirishgancha, qo‘rquvdan baqirardi. Fermer tezda daraxtning qalin bir shoxini sindirib oldi. Xaloskor ehtiyotlik bilan shoxni cho‘kayotgan bolaga uzatdi. Bola shoxga yopishib, uning yordamida xavfsiz yerga chiqib oldi.

Bolani kuchli titroq bosgan edi. U uzoq vaqt ko‘z yoshlarini to‘xtata olmadi, lekin asosiysi, u qutqarildi!

– Yur men bilan, uyimga olib boraman, – taklif qildi fermer. – Sen o‘zingga kelish uchun qurinib va isinib olishing lozim.

 – Yo‘q-yo‘q, – bola boshini chayqatdi, – meni otam kutyapti. U juda xavotir olayotgan bo‘lsa kerak.

Bola o‘z xaloskorining ko‘zlariga minnatdorona tikilib turdi-da, yugurgancha ketdi...

Ertalab fermer, uyining oldiga bir izvosh kelib to‘xtaganini ko‘rdi. Izvoshga zotli otlar bog‘langan edi. Undan qimmatbaho kiyimlar kiygan bir janob tushdi va fermerdan so‘radi:

– Mening o‘g‘limning hayotini kecha siz saqlab qolgan edingizmi?

– Ha, men, – javob berdi fermer.

– Men sizga qancha to‘lashim kerak?

– Meni xafa qilyapsiz, janob. Siz menga hech narsa qarz emassiz. Chunki, men oddiy odam qanday harakat qilishi kerak bo‘lsa, shunday harakat qildim xolos.

– Yo‘q, men buni shunday qoldirolmayman. Chunki, o‘g‘lim men uchun juda qadrli. Siz uni qutqarib qoldingiz. Istagan pulingizni so‘rang, – qistadi janob.

– Men bu haqda hech narsa gapirgim kelmayapti. Xayr.

Fermer ketish uchun o‘girildi. Shu vaqt uning yelkasiga ichkaridan o‘g‘ilchasi chiqib osildi.

– Bu sizning o‘g‘lingizmi? – so‘radi kibor mehmon.

– Ha, – g‘urur bilan javob berdi fermer, o‘g‘lining boshini silagancha.

– Keling bunday qilamiz. Men sizning o‘g‘lingizni o‘zim bilan Londonga olib ketaman. Uning ta’lim olishi uchun barcha xarajatlarni to‘layman. Agar u sizdek oliyjanob inson bo‘lib yetishsa, u holda siz ham, men ham bu qarorimizdan afsuslanmaymiz...

Oradan yillar o‘tdi. Fermerning o‘g‘li maktabni tugatdi. Keyin tibbiyot universitetini. Tez orada uning nomi penitsillin kashfiyotchisi sifatida dunyoga tanildi. Uning ismi Aleksandr Flemming edi.

Urush arafasida Londonning boylar uchun klinikasiga o‘pkaning o‘ta shamollashi tashxisi bilan xuddi o‘sha kibor janobning o‘g‘lini keltirishdi.

Bu gal uning hayotini qutqarib qolinishiga nima sabab bo‘ldi, deb o‘ylaysiz? Ha, Aleksandr Flemming, fermerning o‘g‘li tomonidan kashf qilingan penitsillin dorisi sabab bo‘ldi. Flemmingga ta’lim olish imkoniyatini bergan boy janobning ismi Randolf Cherchill edi. Uning o‘g‘lini esa Uinston Cherchill deyishardi. O‘sha, keyinchalik Angliyaning premer-ministri bo‘lgan Cherchil.

Uinston Cherchill aytgan edi: «Sen tomondan qilingan narsa albatta senga qaytadi».

                                                                                 Ruschadan Shoolim Shomansurov tarjimasi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring