Qirg‘izistonda uzrli sabablarsiz saylovda qatnashmaganlarni jarimaga tortish taklif etildi
Qirg‘izistonda saylovchilarning prezidentlik yoki parlament saylovlariga uzrli sabablarsiz kelmagani uchun jarima solishni nazarda tutuvchi qonunchilikka o‘zgartirish kiritishni taklif qilmoqda. Tegishli qonun loyihasi 21-noyabr kuni mamlakat parlamenti (Jogorku Kenesh) deputatlari tomonidan ko‘rib chiqilib ma’qullangan.
Konstitutsiyaviy qonun loyihasi «Prezidentlik va Jogorku Kenesh deputatlari saylovi to‘g‘risida»gi qonun hamda Jinoyat kodeksiga o‘zgartirish kiritilishini nazarda tutadi. Qonun bilan Qirg‘iziston Respublikasi hududida yashovchi barcha fuqarolar prezidentlik va parlament saylovlarida qatnashishi shartligi belgilanmoqda. Faqatgina uzrli sabablarga ega shaxslar bundan mustasno.
Parlament matbuot xizmatiga ko‘ra, taklif tashabbuskori deputat Tazabek Ikromov, qonun loyihasini qabul qilishdan ko‘zlangan asosiy maqsad «fuqarolarning saylov va referendumlarda o‘z vakolatlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri amalga oshirishini to‘liq ta’minlash»dan iborat.
Ikromovning so‘zlariga ko‘ra, muhokama chog‘ida ayrim deputatlar saylovda ishtirok etmaslik huquqini beruvchi uzrli sabablar ro‘yxatini, shuningdek, jarima solish va undirish tartibi va mexanizmlarini qonun bilan belgilab qo‘yishni taklif etishgan. Shu bilan birga, mazkur qonun loyihasiga qarshi chiqqanlar u mamlakat konstitutsiyasining amaldagi normalariga zidligini, chunki «saylash va saylanish» huquqi fuqarolarning majburiyati emas, balki huquqi ekanini ta’kidlashgan.
Tazabek Ikromov taklif qilgan o‘zgartirishlar kuchga kirgan taqdirda uzrli sabablarsiz saylovda qatnashmagan qirg‘izistonliklar 5 ming qirg‘iz so‘mi (O‘zbekiston Markaziy bankining 22-noyabrdagi kursi bo‘yicha 688 ming so‘m) miqdorida jarimaga tortilishlari mumkin.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter