Saakashvili Gruziyaga qaytganini e’lon qildi. Ichkarida unga hibsni va’da qilishgandi
Gruziya sobiq prezidenti Mixail Saakashvili vataniga qaytganini ma’lum qildi.
«Xayrli tong, Gruziya. Men sakkiz yil o‘tib vatanga qaytdim», — deb yozgan u o‘zining Facebookdagi sahifasida.
Siyosatchi Batumiga kelganini aytgan va bu haqdagi videoni Facebook sahifasiga joylashtirgan.
«Mana mening Batumim. Bu yerda vayron qilingan Batumi-Amerika texnologiya universiteti bo‘lishi kerak edi. Bugun bizda vaksina ishlab chiqarilgan bo‘lardi, shuningdek, koronavirus ham shuncha odamni o‘ldirmasdi. Men bu joylarni juda sog‘indim. Bugun mening orzuim ushaldi», — degan u.
Shu bilan birga, Gruziya Ichki ishlar vazirligi TASS muxbiriga Saakashvilining davlat chegarasini kesib o‘tmaganini aytgan. Mamlakat kuchishlatar doiralari sobiq prezident ko‘rinish bergandayoq qo‘lga olinishiga va’da berishgan.
Hukmron «Gruziya orzusi — demokratik Gruziya» partiyasi raisi Irakli Kobaxidze ham Saakashvilining respublikada yo‘qligini ma’lum qilgan. «Saakashvili Batumida emas. Mixail Saakashvilining videosi Gruziyada suratga olinmagan».
U, shuningdek, sobiq prezidentni masxaraboz deb atagan va uning Gruziyaga haqiqatan ham kelishini xohlashini bildirgan.
Bu orada Saakashvilining Kiyevdagi idorasi xodimi Mariya Barabash Gruziyaning «Mtavari Arkhi» telekanaliga bergan intervyusida siyosatchining Gruziyada bo‘lganligi haqidagi ma’lumotni tasdiqlamagan ham, rad ham etmagan. Shu bilan birga, u Saakashvili bir kun oldin Kiyevni tark etganini aytgan.
«Uch kun oldin, u Saakashvili o‘z jamoasini yig‘di va bizga Gruziyaga ketishini aytdi, mamlakatda muhim referendum yuz berayotgani, uning ishtiroki muhim ekanligini ma’lum qildi» — degan Barabash.
Saakashvili 2 oktyabr kuni kechqurun Tbilisiga — mahalliy saylovlarga samolyot chiptasini sotib olganini aytgan. Keyinchalik ijtimoiy tarmoqda uning onasi Giuli Alasaniya bilan uyiga qaytishi uchun bron qilingan aviachiptasining fotosuratlari paydo bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, Saakashvili hokimiyat tepasiga 2004 yildagi inqilob sabab kelgan. Keyinchalik u 2008-yilda ham prezidentlikka saylandi. Uning davrida Janubiy Osetiyada mojarolar keskinlashdi. Siyosiy vaziyatning keskinlashuvi fonida Saakashvili 2013 yil Gruziyadan chiqib ketdi va Ukrainadan qo‘nim topdi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter