Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Rossiyalik sudya Putin qabuliga antiqa xarita ko‘tarib keldi

Rossiyalik sudya Putin qabuliga antiqa xarita ko‘tarib keldi

 Foto: TASS

Rossiya Konstitutsiyaviy sudi raisi Valeriy Zorkin prezident Vladimir Putin qabuliga XVII asrga oid xarita ko‘tarib keldi. Sudya fransuz qiroli Lyudovik XIV davriga oid xaritada Ukraina nomi qayd etilmaganini urg‘ulagan.

Suhbat davomida Putin Konstitutsiyaviy sud raisi fikrini qo‘llab-quvvatlagan holda sovet hokimiyatiga qadar Ukraina degan davlat bo‘lmaganini da’vo qilgan.

Bu holat tahlilchilar tomonidan tarixni siyosat izmiga solishga urinish deb baholandi.

«X asrga  oid xaritaga qarasangiz, Moskvani topa olmaymiz, lekin Rus davlati poytaxti sifatida Kiyev ko‘rsatilgan. Nima, shunga ko‘ra Ukraina poytaxti aholisi moskvaliklarning mavjudligini shubha ostiga olib, hududni qaytarish da’vosi bilan chiqishi kerakmi? Strabon yoki Ptolemey xaritalariga nazar tashlasangiz, Yunoniston yoki Misrni topasiz, lekin Rossiya degan nomdan asar ham yo‘q», – deb yozdi o‘z davrida Putinga spichrayterlik qilgan siyosatshunos Abbas Gallyamov.

O‘zbekistonlik iqtisodchi Yuliy Yusupov ham zamonaviy davlatchilikni o‘tmish qarichi bilan o‘lchash xatarli ekanidan ogohlantirgan.

«Yevropa xaritalarida ayni paytda Rossiya davlati joylashga hudud Tatariya yoki Tartariya degan nom bilan qayd etilgan. 1771 yilda chop etilgan  Britaniya ensiklopediyasida ham ushbu hudud «Buyuk Tartariya» deb nomlangan. Chunki Moskoviya o‘z davrida mo‘g‘ul imperiyasining Jo‘ji ulusi tarkibiga kirgan edi», – deya tarixiy faktlarni yodga solgan Yu.Yusupov.

Vladimir Putin 2020 yilda ham SSSR tarkibida bo‘lgan respublikalar Ittifoq tarkibidan chiqish payti o‘zi bilan Rossiyaga tegishli ulkan hududlarni olib chiqib ketganini da’vo qilgan edi. O‘shanda rossiyalik taniqli olim, tarix fanlari doktori Sergey Abashin bu da’voga keskin e’tiroz bildirgandi.

Rossiya rahbari uch yilcha avval koronavirus pandemiyasiga qarshi kurash choralariga bag‘ishlangan videomuloqotda xalqni ruhlantirish uchun pecheneg va qipchoq elatlari ustidan qozonilgan g‘alabani yodga olgan. O‘shanda o‘zbekistonlik olima Putin nutqidagi yashirin ma’noni ochib bergandi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring