Rossiya va Xitoy o‘rtasida muhim masalada kelishmovchilik chiqdi
Rossiya va Xitoy energetika sohasidagi muhim inshoot – «Sila Sibiri 2» magistral gaz quvuri qurilishi borasida kelisha olmayapti. Ikki davlat rahbari – Vladimir Putin va Si Szinpin joriy yil may oyida Pekinda o‘tgan muzokaralar yakunida ham bu borada yakuniy to‘xtamga kelmagan.
«Financial Times» nashri o‘z manbalariga tayanib yozishicha, muzokaralarning boshi berk ko‘chaga kirib qolishiga Xitoy tomoni Rossiyadan gaz narxi borasida katta chegirma talab qilayotgani sabab bo‘ldi.
Pekin Moskvadan «Sila Sibiri 2» quvuri bo‘yicha gazni Rossiyaning ichki narxida berishni talab qilmoqda. Bundan esa Rossiya katta zarar ko‘radi. Chunki odatda gaz ichki bozorda davlat subsidiyasi asosida pasaytirilgan narxda sotiladi.
Loyihaga ko‘ra, gaz quvurinig quvvati yiliga 50 milliard kubometrni tashkil etadi. O‘tgan yili Vladimir Putin va Si Szinpin bu borada kelishuvga erishgani xabar qilingan edi. So‘nggi xabarlarga qaraganda, Xitoy tomoni yillik hajmning barchasini olmoqchi emas.
Rossiyaning Ukrainaga bosqini ortidan Yevropaga gaz eksporti keskin kamaydi. Gaz qazib olish 637 milliard kubometrgacha qisqardi. Hozirgi vaziyatda Rossiya shirkatlari, xususan, «Gazprom» uchun Xitoy suv bilan havodek zarur hamkordir. Rossiya, masalan, «Shimoliy oqim 1» quvuri bo‘yicha yiliga qariyb 60 milliard kubometr gaz sotgan. Endilikda bu quvur faoliyati to‘xtagan. Shu bois Moskva asosiy iste’molchi sifatida Pekin bilan til topishishga urinmoqda. Ammo Xitoyga eksport hajmi 2023 yilda 22,5 milliard kubometrni tashkil etgan, xolos. Xitoyning yillik gaz iste’moli talabi 400 milliard kubometr ekani inobatga olinsa, Rossiya mulozimlari nega Pekinga serqatnov bo‘lib qolgani sababi oydinlashadi.
Xitoy urush holatidagi Rossiyaning murakkab vaziyatidan foydalanib, gaz borasida katta chegirmalar olishga muvaffaq bo‘lmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, Pekin «Gazprom» shirkatiga ming kubometr gaz uchun 290 dollar to‘lamoqda. Yevropa shartnomalari bahosi esa 1000 dollarni tashkil etadi.
Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov narx borasida kelishmovchilik borligini tan olgani holda tafsilotlarni ochiqlashni lozim topmagan.
«Energetika resurslarini yetkazish bo‘yicha hamkorlik masalasi chindan ham ikki davlat rahbari tomonidan muhokama etildi... Tijoriy ahamiyatga molik muzokaralar esa jamoatchilikka oshkor etilmaydi. Har bir mamlakat o‘z manfaatlarini himoya qilish ham tabiiy», – deya Pekinning arzon narx talab etayotganiga ishora qilgan Peskov.
Urush tufayli katta siyosiy va iqtisodiy bosimga uchragan Rossiya rahbariyati Xitoy ko‘magi va dastagiga umid qilmoqda. Ammo hozirgi vaziyatda «ayiq» va «panda» o‘rtasida kuchlar nisbati teng emas. Bu esa Pekinga Moskva oldiga yanada ko‘proq shartlar qo‘yish imkonini beradi.
Avval xabar berganimizdek, urushning ilk oylaridayoq o‘zbekistonlik iqtisodchi, Viskonsin universiteti biznes maktabi doktoranti Behzod Hoshimov sanksiyalar ortidan Rossiyaning Xitoyga qaramligi ortishini bashorat qilgan edi.
Ayrim ekspertlar Rossiya de fakto Xitoyning vassaliga aylanmoqda deb hisoblaydi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter