Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Rossiya Turkiyani Suriya va Iroqda harbiy kuch ishlatishdan tiyilishga chaqirdi

Rossiya Turkiyani Suriya va Iroqda harbiy kuch ishlatishdan tiyilishga chaqirdi

Rossiya prezidentining Suriyadagi kelishuv bo‘yicha vakili Aleksandr Lavrentev Turkiyani Suriya va Iroqqa berilgan zarbalar munosabati bilan vazminlikka chaqirdi. Bu haqda RIA Novosti xabar bermoqda.

Aleksandr Lavrentevning so‘zlariga ko‘ra, Anqara mojaro avj olishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun Suriyada haddan tashqari harbiy kuch ishlatishdan tiyilishi kerak.

«Biz turkiyalik hamkasblarimizni Suriyaning nafaqat shimoliy va shimoli-sharqiy hududlarida, balki butun hududda keskinlik kuchayishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun ma’lum vazminlikka chaqiramiz», – deydi Lavrentev.

Lavrentev Turkiyaning Suriya va Iroqdagi havo operatsiyasi haqida Rossiyani oldindan xabardor qilmaganini qayd etdi. Moskva bu masalani Suriya bo‘yicha Ostonadagi yig‘ilishda muhokama qilishni rejalashtirmoqda.

Avvalroq Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on Suriya shimolidagi maxsus operatsiya sabablarini Rossiyaning mintaqadagi terrorchilarni yo‘q qilishdan bosh tortgani bilan izohlagan edi. U Kobani hududida 12 ta zarba berilganini tasdiqladi va operatsiya davom etishini qo‘shimcha qildi.

Kecha, 21-noyabr kuni tunda Turkiya mudofaa vaziri Hulusiy Akar ikki kunlik operatsiya davomida 184 nafar jangari yo‘q qilinganini ma’lum qildi.

Ma’lumot uchun, Turkiya Kurdiston ishchilar partiyasi jangarilari bilan 1984-yildan buyon to‘qnashib keladi. 2015-yilda Suriyadagi fuqarolar urushi davrida bu to‘qnashuvlar yanada kuchaygan. Turkiyaning iddao qilishicha, Iroq shimolida kurdlarning bazalari joylashgan bo‘lib, Turkiya Qurolli kuchlari ularga qarshi havo va quruqlikdagi operatsiyalarni o‘tkazmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring