Rim papasi kechirim so‘radi
Rim papasi Fransisk Kanadaga tashrifi davomida katolik cherkovi tub elatlar bolalariga shafqatsiz munosabatda bo‘lgani uchun kechirim so‘radi. Nasroniylar yetakchisi, shuningdek, cherkov tub aholi vakillari madaniyatini yo‘q qilishga qaratilgan loyihada ishtirok etgani uchun uzrxohlik izhor etdi.
«Qadr-qimmatning poymol etilishi, zulmga qo‘l urish va ishonchning suiiste’mol qilinishini shunchaki unutib bo‘lmaydi. Biz nasroniylar yelkamizdagi bu sharmandalik yukini aslo unutmasligimiz kerak. Ayni choqda, barchasini qayta boshlamoq ham lozim», – degan Rim papasi.
Gap shundaki, 1881-1996 yillarda Kanadadagi tub elat vakillarining 150 mingga yaqin bolalari oilasi bag‘ridan tortib olingan va katoliklar boshqaruvidagi maktab-internatlarga yuborilgan. Cherkov Yevropa mustamlakachilarining tub elat bolalariga shafqatsiz munosabatini qo‘llab-quvvatlagan. O‘z ona tilida gapirgan va milliy an’analarini saqlab qolishga uringan bolalar kaltaklangan, jinsiy zo‘ravonlikka uchragan. Maktab-internatlarda 4 mingdan ziyod bola vafot etgani aytiladi.
Mahalliy xalqlarga nisbatan sodir etilgan mazkur jinoyatlar 2015 yilda Kanada haqiqatni aniqlash va murosa komissiyasi (TRC) hisobotida e’lon qilingan. Komissiya mahalliy elat vakillari tili va madaniyatini yo‘q qilishga qaratilgan mustamlaka dasturini «madaniy genotsid» deb atagan.
2021 yilda Kanadadagi sobiq maktab-internat hududidan bolalarning ommaviy qabrlari topilishi katta shov-shuvga sabab bo‘ldi. Tub elatlar yetakchilari Vatikandan o‘tmishdagi xato uchun uzr so‘rash hamda mustamlaka siyosatidan aziyat chekkan oilalarga tovon puli to‘lashni talab qildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter