Ramzan Qodirov Prigojinning o‘limiga munosabat bildirdi
Checheniston rahbari Ramzan Qodirov «Vagner» xususiy harbiy shirkati rahbari Yevgeniy Prigojinning o‘limi munosabati bilan uning yaqinlariga hamdardlik izhor qildi.
«Biz ko‘p zamon avval do‘stlashgan edik. Uzoq yillar mobaynida (do‘st bo‘lib qoldik). Yevgeniy Viktorovich bilan birgalikda bot-bot eng murakkab masalalarni hal etishimizga to‘g‘ri kelgan. U ko‘ngilchanligi, kirishimliligi va qat’iyligi bilan ajralib turardi. Yoshi mendan katta ekaniga qaramay, ilk taklifimni yerda qoldirmay Grozniyga kelgan», – deb yozadi R.Qodirov ijtimoiy tarmoqdagi rasmiy sahifasida.
Qayd etilishicha, Qodirov va Prigojinni ko‘plab rishtalar bog‘lab turgan. Checheniston rahbari «Vagner» xo‘jayiniga Afrikadagi ayrim masalalar yuzasidan ko‘mak bergan. O‘z navbatida, Prigojin Qodirovni «Vagner» shirkati medali bilan siylagan.
«Yoshiga nisbatan juda faol hayot kechirgan Yevgeniy Viktorovich davlat ahamiyatiga molik muhim shaxs edi. Lekin oxirgi vaqtlarda u mamlakatda ro‘y berayotgan hodisalarning to‘liq manzarasini yoki ko‘ra olmadi, yoki ko‘rishni istamadi. Men undan davlatning birlamchi yumushlari yo‘lida shaxsiy da’volardan voz kechishini so‘ragan edim. Qolgan hamma masalalarni keyin hal etish mumkin edi. Lekin Prigojin ana shunday temir irodali va o‘z istagini tez amalga oshirmaguncha tinchimas edi», – deydi chechen o‘lkasi yetakchisi.
R.Qodirov fikricha, Ye.Prigojin maxsus harbiy amaliyot, ya’ni Ukraina bosqiniga ulkan hissa qo‘shgan va uning o‘limi Rossiya davlati uchun katta yo‘qotish sanaladi.
Avval xabar berganimizdek, 23 avgust kuni «Vagner» xo‘jayiniga qarashli xususiy uchoq Tver viloyatida halokatga uchradi.
Aviahalokat payti uchoqdagi barcha yo‘lovchilar, jumladan, Prigojin ham halok bo‘lgani xabar qilingan.
Dunyo matbuotida uchoq Rossiya prezidenti Vladimir Putinning buyrug‘i bilan urib tushirilgani yoki bortda terakt sodir etilgani ehtimoli keng muhokama qilinmoqda.
Kecha, 24 avgust kuni Putinning o‘zi ham hodisaga munosabat bildirdi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter