Qozog‘istonda LGBT tashviqotini qat’iy taqiqlash taklif qilinmoqda
2023-yil 12-aprel kuni Qozog‘iston Respublikasi parlamenti quyi palatasining yalpi majlisida parlament deputati Ardaq Nazarov bosh vazir o‘rinbosari Altay Kulginovga so‘rov yubordi, deb xabar qilmoqda «Zakon.kz».
Ardaq Nazarov Qozog‘istonda LGBT tashviqotini taqiqlashni taklif qildi.
«Biz kutib o‘tirmasligimiz va zudlik bilan yoshlarimiz tarbiyasi bilan shug‘ullanishimiz kerak. Kecha maydonda LGBT bayrog‘ini ko‘tarib chiqqan bolalar biz uchun begona emas. Ular ham bizning farzandlarimiz. Haligacha nima yaxshi, nima yomon ekanligini bilishmaydi. Biz buni xotirjam qabul qila olmaymiz. Epidemiya allaqachon boshlangan, keyin afsuslanmaslik uchun uni hozir ildizini sug‘irishimiz kerak », — dedi u 8 aprel kuni Ostonada bo‘lib o‘tgan feministlar paradi haqida gapirib.
Shu munosabat bilan parlament a’zosi zudlik bilan quyidagi choralarni ko‘rishni so‘radi:
- mitingga kelgan bolalarning ota-onalaridan javob olish;
- milliy madaniyatga mos kelmaydigan film va seriallarni barcha platformalarda, jumladan, ijtimoiy tarmoqlarda namoyish etish va targ‘ib qilishni taqiqlash;
- salbiy tendensiyalarni targ‘ib qiluvchi manbalardan himoya qiluvchi qonunchilik normalarini ishlab chiqish va parlament muhokamasiga kiritish;
- Qozog‘iston ta’lim muassasalarida milliy qadriyatlar, an’analar va madaniyatni targ‘ib qilish bo‘yicha darslar o‘tkazish.
«Umuman olganda, so‘nggi paytlarda mamlakat axborot maydonida bir jinsli nikohlar, gomoseksualizm, jinsni o‘zgartirish kabi masalalar erkin targ‘ib qilinmoqda. Bu bizning tushunchamizga zid ekanini hammamiz bilamiz. Buning ortida G‘arbning xalqaro tashkilotlari turibdi. Eng yomoni, hozirda Ostona, Olmaota kabi yirik shaharlardagi xususiy maktablarda geylar tashviqoti juda faol targ‘ib qilinmoqda, buni o‘quvchilarimizning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida ham ko‘rish mumkin», deydi Ardaq Nazarov.
Deputat «jamiyat mana shu kasallikka chalinganini» afsus bilan ta’kidlaydi.
«Vaziyat og‘irlashmaguncha, choralarni ko‘rish kerak. Ishonchim komil, ushbu deputatlik so‘rovi e’lon qilinganidan keyin ijtimoiy tarmoqlarda qarama-qarshi fikrlar paydo bo‘ladi. Men ularga aytaman: ertaga, masalan, o‘g‘lingiz kelin o‘rniga geyni olib kelsa yoki qizingiz uyga ayolni yetaklab kelsa, tolerant bo‘lib ularga oq fotiha berasizmi? Bu albatta katta fojia. Oilada shunday holat bo‘lsa, kim chidaydi?», deydi u.
Uning fikricha, LGBT mafkurasi qozoq xalqining ko‘p asrlik an’analari va milliy qadriyatlarini yo‘q qilishga qaratilgan.
Qozog‘istonda bolalar va o‘smirlar o‘rtasida TikTok ijtimoiy tarmog‘ini taqiqlash ham taklif etilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter