Qo‘lqoplar ortidan kelayotgan milliardlar
Lateks qo‘lqoplaridan mo‘may daromad qilgan malayziyalik ikki milliarder dunyoning eng boy kishilari ro‘yxatiga kiritildi. Klubga oxirgi bo‘lib «Supermax Corp» kompaniyasi asoschisi Tay Kim Sim qo‘shildi, deb yozadi «Bloomberg».
Janubi-Sharqiy Osiyodagi mamlakat eng yirik lateks qo‘lqoplar ishlab chiqaruvchilardan biri sanaladi. Dunyoga yetkazib berilgan mahsulotlarning taxminan 65 foizi uning hissasiga to‘g‘ri keladi. Malayziyada shaxsiy himoya vositalarini ishlab chiqarishning ko‘payishi 1980-yillarda OIV-infeksiyasi tarqalishi bilan bog‘liq.
Hozirgi kunda qo‘lqoplarga bo‘lgan talabning oshishi koronavirus pandemiyasi bilan izohlanmoqda. Ekspertlarning ta’kidlashicha, epidemiyaning tugash muddati noma’lum, shu bois yangi shart-sharoitlarda yashashga moslashish va turli maqsadlarda qo‘lqoplardan foydalanishga to‘g‘ri keladi.
Shu nuqtai nazardan «Supermax Corp»ning muvaffaqiyati, ayniqsa, qiziqarli, deyishadi tahlilchilar. Bozorning asosan yetkazib berish bilan shug‘ullanadigan «Top Glove» (aksiyasi 223 foizga qimmatlashdi) va «Hartalega» (aksiyasi 113 foizga qimmatlashdi) kabi boshqa ishtirokchilaridan farqli o‘laroq korporatsiya yirik ishlab chiqaruvchi sifatida qatnashmoqa. Uning birjadagi bahosi hammadan ko‘ra ko‘proq, qariyb besh baravar (394 foizga) oshdi. Har yili «Supermax Corp» taxminan 24 milliard qo‘lqop ishlab chiqaradi. 2019- yilgi hisobotga ko‘ra, rahbariyat 2024-yilgacha bir yilda 44 milliard qo‘lqop ishlab chiqarishni ko‘zlamoqda.
Aksariyat tahlilchilar «Supermax Corp» aksiyalarini sotib olishni tavsiya etsa, ba’zi ekspertlar xavf-xatardan ogohlantirishadi. Boshqa davlatlarda, deylik, Xitoyda ishlab chiqarish faollashadigan bo‘lsa, himoya vositalariga ixtisoslashgan Malayziya kompaniyasining daromadi kamayishi mumkin.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter