Qatarni jahon chempionatidan so‘ng muammolar kutyapti — Bloomberg
Kuni kecha Qatarda futbol bo‘yicha jahon chempionati yakunlandi. Bloomberg yozishicha, ulkan tadbirga butun dunyodan kelgan mehmonlarni kuzatib bo‘lganidan so‘ng, ushbu mamlakat ko‘chmas mulk bozorida ayrim muammolar paydo bo‘lishi kutilmoqda.
Qatar jahon chempionatiga tayyorgarlik uchun o‘z infratuzilmasiga 300 mlrd dollardan ziyod mablag‘ sarfladi. Ekspertlarning taxminlariga ko‘ra, mundial tugaganidan so‘ng ko‘chmas mulk, mehmonxona biznesi, oziq-ovqat va ichimliklar ishlab chiqarish sohalari, yana avvalgi hajmiga qaytishi uchun, vaqt talab etiladi va bu yo‘qotishlarsiz bo‘lmaydi.
Jahon chempionati arafasida Qatarda turarjoy narxi oshdi. Jami hisoblaganda, turli mamlakatlardan kelgan muxlislarga 60 mingdan ortiq turarjoy ijraga berildi. Oktyabr oyidayoq ijara haqi 20-30 foizga qimmatlashdi. Cushman & Wakefield kompaniyasi prognoziga ko‘ra, ijara bozoridagi bu keskin o‘sishdan so‘ng, 2023-yil birinchi choragida jiddiy pasayish kuzatiladi.
Shuningdek, Qatardek kichik va cho‘ldan iborat mamlakatda jahon chempionati o‘tkazilishidan ekologlar ham tashvishlanishayotgan edi. Stadionlarni sug‘orish uchun juda ko‘p suv sarflangan. Hisob-kitoblarga ko‘ra, har kuni bitta stadionni o‘yinga tayyorlash uchun kamida 10 ming litr suv ketgan. Sakkizta stadionni bir necha oy davomida tinmay sug‘orish uchun qancha suv sarflanishini hisoblash qiyinmas.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter