Putin Braziliyaga ham bora olmaydi. Sabab – o‘sha eski «daxmaza»
Braziliya prezidenti Luis Inasiu Lula da Silva rossiyalik hamkasbi Vladimir Putinni 2024 yili Rio-de-Janeyro shahrida o‘tadigan «Katta yigirmalik» (G20) sammitiga taklif qiladi. Ammo u Putinning hibsga olinmasligiga kafolat bermaydi. Bu haqda Lula da Silva 4 dekabr kuni Berlinda ma’lum qilgan.
«U (Putin nazarda tutilmoqda – tahr.) (Rio-de-Janeyroga) kelganida hibsga olinadimi, yo‘qmi? Ehtimol olinar, ehtimol olinmas. Buni sud idoralari hal qiladi», – degan Braziliya prezidenti.
Avval xabar berganimizdek, joriy yil mart oyida Haagada joylashgan Xalqaro jinoiy sud Rossiya prezidenti Vladimir Putin, shuningdek, bolalar huquqlari bo‘yicha ombudsman Mariya Lvova-Belovani hibsga olishga order berdi.
Braziliya Xalqaro jinoiy sud ta’sis etilishiga asos bo‘lgan Rim statutini imzolagan davlatlar sirasiga kiradi. Shunga ko‘ra, nazariy jihatdan Putin Braziliyaga tashrif buyurgan taqdirda Janubiy Amerika mamlakati hukumati xalqaro order asosida uni qamoqqa olishi mumkin.
Joriy yil sentyabr oyida ham prezident Lula da Silva Rossiya rahbari Braziliyaga bemalol kelishi mumkinligini aytgan, so‘ng xalqaro mahkama qarorini asos qilib so‘zidan qaytgan edi.
Avvalgi holatlarni tahlil qilgan siyosatshunoslar Rossiya rahbari Braziliyaga bormaslikni ma’qul ko‘radi degan fikrda.
Xalqaro jinoiy sudning qarori Putinga jiddiy «daxmaza» bo‘lgani aytilmoqda. U order sabab xorijiy safarlari doirasini keskin cheklashga majbur bo‘ldi. Kreml xo‘jayini o‘z xavfsizligi vajidan joriy yil sentyabr oyida Hindiston mezbonligida o‘tgan G20 sammitida qatnashmadi.
Avgust oyida JARda o‘tgan BRIKS mashvaratiga borishga ham jur’at qila olmadi.
Yaqingacha Rossiyaning ittifoqchisi bo‘lib kelgan Armanistonga ham yo‘llar yopilgandek.
Moskva bilan munosabati sovuqlashgan Yerevan oktyabr oyida Rim statutini ratifikatsiya qildi. Endilikda, xalqaro normalarga ko‘ra, Putin Armanistonga tashrif buyursa, Yerevan hukumati uni Haaga sudiga topshirishi kerak bo‘ladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter