Prezidentdan ham ko‘p maosh oluvchi davlat xizmatchisi — AQSh
Doktor Entoni Fauchi 2019-yil davomida 417 608 dollar maosh oldi (2019-yil — federal maoshlar haqidagi batafsil ma’lumot mavjud yillarning so‘nggisi).
Shu tariqa Fauchi nafaqat AQSh bo‘yicha davlatdan eng yuqori maosh oluvchi shifokor, balki jami 4 million nafar federal xizmatchilar orasida daromadi eng yuqorisiga aylandi.
Fauchining maoshi hatto yiliga 400 ming dollar budjetdan ish haqi to‘lanadigan AQSh prezidentinikidan ham yuqori.
O‘n yil davomida (2010—2019-yillar) Fauchiga davlat budjetidan 3,6 million dollar ish haqi to‘langan. 2014-yilda uning maoshi yillik $335 mingdan $417,6 mingga oshirilgan.
Entoni Fauchi — Sog‘liqni saqlash milliy instituti qoshidagi Allergik va infeksion kasalliklar milliy instituti (NIAID) direktori, AQSh prezidentining bosh tibbiyot maslahatchisi. Agar lavozimini saqlab qolsa, 2019—2024-yillar davomida davlatdan 2,5 million dollar oladi.
Pandemiya boshlanganidan so‘ng Fauchi Oq uyning har kuni mamlakatni COVID-19 bo‘yicha vaziyatdan boxabar qilib turgan Maqsadli guruhi yetakchilaridan biriga aylandi. 2020—yilning mart oyida u kasallik tarqalishining oldini olish uchun Donald Trampni 15 kunlik lokdaun joriy etishga ko‘ndirgan, may oyi oxirida esa karantinni yanada uzaytirish taklifini ilgari surgandi.
Maqsadli guruh rahbari, vitse-prezident (sobiq) Mayk Pens Fauchidan nomdorroq bo‘lgani bilan, maoshi unikidan salkam ikki baravar oz — 235 100 dollar, uning shaxsiy uyi yo‘qligini yozgandik.
Yuqoridagi hisobot «OpenTheBooks.com» tadqiqotlari doirasida tuzilgan bo‘lib, ish haqlari faqat soliq to‘lovchilarning pullaridan shakllantiriladigan federal xizmatchilar hisobga olingan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter