Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Prezident Erdo‘g‘on Quddusdagi xunrezliklarni to‘xtatish yo‘lini aytdi

Prezident Erdo‘g‘on Quddusdagi xunrezliklarni to‘xtatish yo‘lini aytdi

Foto: «Yeni Şafak»

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on mamlakat xalqiga murojaatida muhim masalalar qatorida Falastin–Isroil ziddiyati, xususan, Quddus shahrining maqomi borasida fikr bildirdi.

Qayd etilishicha, Usmoniylar saltanati davrida Quddusi sharifda islom, yahudiy hamda nasroniy dini vakillari ahil-inoq hayot kechirgan, diniy arkonlarini emin-erkin ado etgan. Prezident Erdo‘g‘on ushbu tarixiy tajribaga tayanib muqaddas shaharni uch din vakillari idora etishi eng maqbul yo‘l ekanini ta’kidladi.  

«Aks holda ushbu ko‘hna shaharda tinchlikka erishish amrimahol. Dunyo ko‘plab mudhish ixtiloflar, vayronkorliklar, Quddusda portlayotgan bombalardan to‘kilayotgan qonlar ummoniga shohid. Hozirgi vaziyatda tahdidni bartaraf etishning eng tezkor va samarali yo‘li biz taklif etayotganimizdek, Quddusga yangi boshqaruv maqomini berishdir», – dedi Turkiya rahbari. 

Ma’lum bo‘lishicha, prezident Erdo‘g‘on ushbu taklif borasida Rim papasi Fransisk bilan muloqot qilgan.

Turkiya yetakchisi musulmonlarning muqaddas Ramazon oyida ham zo‘ravonlikni davom ettirgan Isroilni terrorchi davlat deb atagan. Shu bilan birga, u ma’sum bolalar, begunoh tinch aholi o‘limiga sabab bo‘layotgan, falastinlik oilalarni boshpanasidan mahrum etayotgan va musulmonlarning mo‘’tabar maskanlarini oyoqosti qilayotganlarni keskin qoralagan. Ayni choqda, Turkiya rahbari Falastin–Isroil ziddiyatida bir tomonlama Isroil manfaatlarini himoya qilayotgan AQShlik hamkasbi Jo Baydenni ham tanqid qilgan. 

Prezident Erdo‘g‘on Quddusni himoya qilish asosiy vazifa bo‘lib qolishini ta’kidlagan.

Quddus – islom, yahudiy hamda nasroniy dini vakillarining muqaddas shahri sanaladi. 1967 yili Olti kunlik urushda Isroil Sharqiy Quddusni bosib olgan. 1980 yili Isroil parlamenti Quddusni yaxlit holda mamlakat poytaxti deb e’lon qilgan. Mazkur qaror BMT hamda xalqaro hamjamiyat tomonidan tan olinmagan. Xususan, 1980 yili BMT Xavfsizlik kengashi Quddusning Isroil poytaxti deb e’lon qilingani xususidagi qarorni noqonuniy deb  topgan. 2016 yilning 23 dekabrida BMT Xavfsizlik kengashi Isroilning Falastin hududlarida, jumladan, Sharqiy Quddusda turarjoy binolarini qurishni to‘xtatishi lozimligi haqida rezolyusiya qabul qilgan. Ammo Isroil ma’muriyati xalqaro hamjamiyat talabiga zid ravishda Sharqiy Quddusda noqonuniy qurilishlarni davom ettirmoqda. Vaziyat o‘ta murakkab ekani va yirik davlatlar Isroil tomonidan ekaniga qaramay, falastinliklar Sharqiy Quddus mustaqil davlatning bo‘lg‘usi poytaxti bo‘lishiga hamon umid qilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Falastin–Isroil ziddiyati so‘nggi haftalarda yana qayta avj oldi. Isroil aviahujumlari oqibatida G‘azo sektorida 212 kishi, jumladan, 100 nafar ayollar va bolalar halok bo‘lgan. Isroil tomonidan esa 12 kishi qurbon bo‘lgan.

Qadr kechasida Isroil harbiylarining Quddusdagi Al-Aqso masjidiga bostirib kirishi ham musulmon olamida keskin e’tiroz va norozilik uyg‘otdi.

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring