Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Erdo‘g‘on Quddusi sharif borasida va’da berdi

Erdo‘g‘on Quddusi sharif borasida va’da berdi

Isroil hukumati Quddusi sharifning islomiy o‘ziga xosligini yo‘q qilish maqsadida tizimli ravishda chora-tadbir ko‘rmoqda. Ushbu xavotirli fikr Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on tomonidan Quddus bo‘yicha Parlamentlararo platformaning beshinchi anjumanida bildirildi.

«Musulmonlarning birinchi qiblasi bo‘lmish Aqso masjidiga hujumlar tobora kuchaymoqda. Bosqinchi Isroil Quddusning qadimiy o‘ziga xosligini qadam-baqadam yo‘q qilmoqda», – dedi Turkiya yetakchisi.

U Turkiyani Quddus bilan tarixiy rishtalar bog‘lab turishini ta’kidladi.

«Quddusning har bir qarichida 400 yil davomida ushbu muqaddas shaharda xizmat qilgan qahramon ajdodlarimizning izlari bor. Bu izlarni hech kim o‘cirha olmaydi», – dedi siyosatchi.

Quddusni himoya qilish insoniyatni, tinchlikni va turli dinlarga hurmatni himoya qilishni anglatadi. Erdo‘g‘onning va’dasiga ko‘ra, Turkiya bu yo‘lda kurashni qat’iy davom ettiradi va Falastin masalasida hech qachon sukut saqlamaydi.

Turkiya rahbari o‘z nutqida G‘azoda 35 mingdan ziyod falastinlikning o‘limi sabab Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahuni keskin tanqid qilgan va uni «G‘azo qassobi», «Zamonaviy Fir’avn» deb atagan.

Qayd etilishicha, Turkiya 2023 yil 7 oktyabrdan buyon G‘azoga 13 ta samolyot va 9 ta kemada 50 ming tonna insonparvarlik ko‘magi yubordi.

Isroil va Iordaniya o‘rtasida 1994 yil 26 oktyabrda imzolangan bitimga muvofiq Aqso masjidi Quddus islom vaqfi idorasi boshqaruvidadir.

Qolaversa, Isroil davlati tashkil etilgach, Quddusi sharifdagi musulmonlar, yahudiylar va nasroniylar uchun muqaddas sanaladigan hududlarga o‘tmaslik borasida o‘zaro kelishilgan.

Ammo keyingi yillarda Isroil politsiyasi mazkur bitim va kelishuvlarni buzgan holda Aqso hududiga bir necha bor bostirib kirdi.

Qadr kechalarida muqaddas masjidga hujumlar uyushtirilayotgani musulmon olamida keskin e’tiroz uyg‘otib keladi.

Bir muddat oldin O‘zbekiston tashqi ishlar vazirligi ham vaziyat yuzasidan chuqur xavotir izhor etgandi.

«Al-Aqso masjidi va Quddusdagi boshqa muqaddas qadamjolarning daxlsizligini – status-kvoga rioya etilishini ta’minlash zarur deb hisoblaymiz», – deya bayonot bergan vazirlik.

Aqso musulmonlarning uchinchi muqaddas masjidi sanaladi. Muhammad (s.a.v.) payg‘ambar bo‘lib kelganlarining dastlabki yillarida musulmonlar namozlarini ushbu masjid tomon yuzlanib o‘qiganlar. Bu jihatdan, Aqso ilk qibla o‘laroq e’zozlanadi. Qolaversa, Isro kechasida Alloh taolo payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.) Makkadan Quddusga – Aqso masjidiga sayr ettirgan. Ushbu masjidda o‘qilgan namozga boshqa yerda o‘qilgan namozdan 500 barobar baland maqom berilgan.

Eslatib o‘tamiz, Isroil Sharqiy Quddusni 1967 yili olti kunlik urushdan keyin bosib olgan. Xalqaro hamjamiyat qarshi chiqayotganiga qaramay, Isroil ma’muriyati Quddus to‘lig‘icha o‘ziga tegishli ekani va yaxlit poytaxt ekanini da’vo qilmoqda. Xalqaro bitimlarga muvofiq esa, Sharqiy Quddus mustaqil Falastin davlatining poytaxti bo‘lishi kerak.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring