Polsha rasmiylari Rossiya elchixonasiga qarashli binoga bostirib kirishdi
29-aprel, shanba kuni ertalab Rossiyaning Polshadagi elchixonasi qoshidagi maktab hududiga Polsha rasmiylari, jumladan politsiyachilar bostirib kirishdi. Bunga rus diplomatlarining polshalik rasmiylar talabiga binoan binoni tark etmaganlari sabab bo‘lgan.
Gap shundaki, rus diplomatlarining farzandlari uchun o‘rta maktab sifatida foydalanilgan mazkur bino Varshava meriyasiga tegishli bo‘lgan va AFP’ning Polsha tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Lukash Yasinaga tayanib ma’lum qilishicha, rasmiylar sud ijrochisi buyrug‘i asosida ish olib borishgan.
Ammo Rossiya tashqi ishlar vazirligi bu harakatni Diplomatik munosabatlar to‘g‘risidagi Vena konvensiyasini buzuvchi «dushmanlik» va Rossiyaning Polshadagi diplomatik mulkiga tajovuz sifatida baholadi.
«Varshavaning rivojlangan davlatlararo munosabatlar doirasidan chiqib ketadigan bunday beadab qadami Polsha rasmiylari va Polshaning Rossiyadagi manfaatlari uchun keskin reaksiyasiz va oqibatlarsiz qolmaydi», – deya qo‘shimcha qilinadi Rossiya TIV bayonotida.
«RIA Novosti»ning yozishicha, o‘tgan yilning 1-martida Polsha hukumati Varshavadagi mazkur binoni musodara qilish jarayoni boshlanganini e’lon qilgan. O‘shanda mamlakat Tashqi ishlar vazirligi davlat organlariga taqdimnoma bilan murojaat qilib, unda «diplomatik va konsullik maqsadlarida foydalanilmaydigan hamda Rossiyaga noqonuniy tegishli bo‘lgan ikkita ko‘chmas mulk ob’yekti yuzasidan ijro ishini qo‘zg‘atish» taklifini bildirgan.
Polsha tashqi ishlar vazirligi xodimi Jasinaning Reuters’ga bergan intervyusiga ko‘ra esa bu mulk Polsha davlatiga tegishli va Rossiya tomonidan noqonuniy ravishda tortib olingan.
Ayni paytda binoda ishlaydigan va yashaydigan jami 29 nafar rossiyalik ob’yektni tark etgan. Ular Varshavadagi Rossiya diplomatik missiyasining boshqa ob’yektiga ko‘chib o‘tishgan. Diplomatlarga binodagi mulklarini olib chiqib ketish uchun yetti kun muhlat berilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter