O‘zbekistonlik yoshlarga «demokratiyaning yuragi»da ishlash imkoniyati taklif etilmoqda
Toshkentda Germaniya Bundestagi ta’sis etgan Xalqaro parlament stipendiyasi g‘oliblarini aniqlash jarayoni ketmoqda. Nomzodlarni saralash uchun yurtimizga Bundestag deputati Erhard Grundl boshchiligida delegatsiya tashrif buyurdi.
1 noyabr kuni Toshkentdagi Gyote institutida Xalqaro parlament stipendiyasi (Internationales Parlaments-Stipendium des Deutschen Bundestages) taqdimoti o‘tkazildi.
Bundestag prezidenti homiyligida amalga oshiriladigan 5 oylik dastur yosh iqtidor egalariga olmon parlamenti tizimi bilan nazariy va amaliy jihatdan tanishish imkoniyatini beradi.
Kelgusi yil uchun rejalashtirilgan dastur 2024 yil 1 martdan 31 iyulga qadar davom etadi.
«Xalqaro parlament stipendiyasi yosh iqtidor egalariga demokratiyaning yuragi bo‘lgan Bundestagda ishlash, malaka oshirish imkoniyatini tuhfa etadi. An’anaga ko‘ra, har yili dunyoning 50 davlati vakillariga qariyb 120 ta stipendiya ajratiladi. Dastur ishtirokchilari Germaniya parlamenti deputatlaridan birining jamoasida faoliyat olib boradi. O‘zbekistonlik yoshlar bilan suhbat jarayonida ularning ilmiy salohiyati baland, qiziqish doirasi keng ekaniga amin bo‘lmoqdaman», – deydi deputat Erhard Grundl.
Tanlovda ishtirok etish talablari quyidagilardan iborat: O‘zbekiston fuqaroligi; tamomlangan oliy ta’lim; olmon tilini yuqori darajada bilish (minimal B2); bilim va fuqaroviy faollik; yosh chegarasi: grant olish vaqtida 30 gacha.
1986 yilda asos solingan dastur o‘tgan yillar davomida ishtirokchi davlatlar ro‘yxatini kengaytirib bormoqda. Germaniya parlamenti faoliyati va qonun ijodkorligi tizimi bilan yaqindan tanishish, demokratik qadriyatlar va madaniy xilma-xillikni anglashni mustahkamlashga qaratilgan dastur ilmiy-amaliy seminarlar, qonunchilik idorasida amaliyot va boshqa maxsus tadbirlarni o‘z ichiga oladi.
Stipendiya g‘oliblari Berlindagi universitetlarning o‘quv tadbirlarida qatnashish imkonini ham qo‘lga kiritadi.
Yo‘lkira, turarjoy va tibbiy sug‘urta bilan bog‘liq barcha xarajatlar hamda oylik stipendiya Bundestag tomonidan qoplanadi.
Berlindagi Humboldt, Texnika va Erkin universitetlari bilan hamkorlikda amalga oshirilayotan dastur Germaniya va ishtirokchi davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan uzoq muddatli siyosiy sarmoya deb baholanadi. Dasturga doir qo‘shimcha ma’lumotlarni Bundestag rasmiy saytidan olish mumkin.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter