Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘g‘irlab ketilgan bola 73 yildan so‘ng topildi

O‘g‘irlab ketilgan bola 73 yildan so‘ng topildi

Illyustrativ foto

Kaliforniyaning Oklend shahrida 1951-yilda o‘g‘irlab ketilgan 6 yoshli bola oradan 73 yil o‘tib topildi. Bu haqda KTSM portali xabar berdi.

Luis Armando Albino o‘g‘irlab ketilgan kuni istirohat bog‘ida o‘ynab yurgandi. Bir ayol uning oldiga kelib, shirinlik olib beraman deb aldab, o‘zi bilan Sharqiy sohil (AQShning Atlantika okeani tomonlari)ga olib ketadi. Bolani bir oila o‘g‘il qilib olib katta qilgan.

Bolani qidirishga politsiya, armiya askarlari, sohil qo‘riqlash xizmati va boshqalar jalb etilishiga qaramasdan, topilmagan.

Oradan 70 yildan ziyod vaqt o‘tib, uni amakivachchasi, 63 yoshli Alida Alekin izlab topdi. Ayol DNK testidan o‘tganida bir erkak kishi bilan genlari 22 foiz mos kelganini ko‘rib, izidan tushadi. Pensiyadagi o‘t o‘chiruvchi, Vetnam urushi veterani bo‘lgan bu odam uzoq yillar oldin yo‘qolgan qarindoshi bo‘lib chiqdi.

Suratda: bir paytlar o‘g‘irlab ketilgan Luis Albino o‘ngda, chapdagi — akasi Rojer, surat 2024-yilda olingan.

Qidiruvda eski suratlar va gazetalardan qirqib olingan xabarlar ham qo‘l keldi.

«Uni qidirib topishimga doim ishonardim. Mening tajribam yaqinlarini yo‘qotgan boshqa oilalarga ham ko‘mak bo‘lishini istardim», — dedi ayol.

AQSh Federal qidiruv byurosi o‘g‘irlik bo‘yicha surishtiruvni davom ettirmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring