Netanyahu Falastin bo‘yicha yangi reja e’lon qildi
Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu G‘azoda urushdan keyingi holat bo‘yicha reja e’lon qildi.
Reja G‘azo sektorining qurollanishiga yo‘l qo‘ymaslik, Isroil armiyasining hududda harbiy va fuqaroviy nazoratni saqlab qolishini ko‘zda tutadi.
«Yo‘l xaritasi»ga ko‘ra, G‘azoda boshqaruv «terrorga aloqasi bo‘lmagan mahalliy kuchlar»ga topshiriladi, rahbar organlarga tayinlovlar yuzasidan Isroil roziligi olinadi.
Netanyahu BMTning Falastinga ko‘mak berish bilan shug‘ullanib kelayotgan eng asosiy tuzilmasini (UNRWA) yopish maqsadini ham e’lon qilgan.
Isroil rasmiylari keyingi vaqtlarda butun dunyo hamjamiyati, hatto yaqin ittifoqchisi AQSh ra’yiga qarshi borib, mustaqil Falastin davlati tuzilishiga yo‘l qo‘yilmasligi haqida bayonot bermoqda. Yangi rejada ham mustaqil Falastin davlati tuzilishi istisno qilingan.
Falastin tomoni Isroil taklif etayotgan rejani bosqinchilik siyosatining davomi sifatida rad etgan.
«Agar dunyo hamjamiyati chindan ham mintaqada xavfsizlik va barqarorlik hukm surishini istasa, Falastin yerlarida Isroil okkupatsiyasiga chek qo‘yishi va poytaxti Quddus bo‘lgan mustaqil Falastin davlatini tan olishi kerak», – deyiladi Falastin prezidenti devoni tarqatgan bayonotda.
BMT bosh kotibining matbuot kotibi Stefan Dyujarrik ham Isroil bosh vaziri ilgari surgan reja yuzasidan xavotir bildirgan.
«Bu reja Isroil va Falastin xalqi yonma-yon yashashi hamda G‘azo aholisi borasidagi umidlarimizga ziddir», – dedi BMT voizi.
Xalqaro tashkilot vakiliga ko‘ra, G‘azoda zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatish, og‘ir sharoitda qolayotgan falastinliklarga gumanitar ko‘mak ko‘rsatish va pirovaridida masalani mustaqil Falastin davlatini tuzish orqali hal etish kerak.
Tahlilchilarga ko‘ra, Netanyahu taklif etgan bir tomonlama reja AQSh tomonidan ham ma’qullanmaydi. Negaki, Oq uy ham mintaqada tinchlik o‘rnatish uchun ikki davlat tamoyili amal qilishi, ya’ni mustaqil Falastin davlati tuzilishi kerakligini aytmoqda.
So‘nggi ma’lumotlarga qaraganda, G‘azoda 4 oydan buyon davom etayotgan urushda 29514 falastinlik halok bo‘ldi. Bu mintaqadagi 2,3 million aholining 1,3 foizi bevaqt hayotdan ko‘z yumganini anglatadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter