Nazarboyevning yaqin qarindoshi hibsga olindi
Nursulton Nazarboyevning yaqin qarindoshi Qayrat Satibaldiuli hibsga olindi. Bu haqda Qozog‘iston korrupsiyaga qarshi kurash xizmatiga asoslanib «Tengrinews» xabar berdi.
«Korrupsiyaga qarshi kurash xizmati tomonidan «Qozoqtelekom» AK bo‘yicha mansab vakolatlarini suiiste’mol qilish va yirik miqdordagi mablag‘larini o‘zlashtirishga doir jinoyat ishi yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda. Qayrat Satibaldiuli ushbu jinoyatlarni sodir etishda gumonlanib qo‘lga olindi», — deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, Satibaldiulining milliy xavfsizlikka putur yetkazuvchi boshqa jinoyatlarga aloqadorligi ham tekshirilyapti.
«Hozirda tergov harakatlari olib borilyapti. JPKning 201-moddasiga ko‘ra, boshqa ma’lumotlar tergov manfaatlarini ko‘zlab oshkor etilishi mumkin emas», — deyiladi boshqarma xabarida.
Qayrat Satibaldiuli — Qozog‘istonning sobiq prezidenti Nursulton Nazarboyevning ukasi Satibaldi Nazarboyevning o‘g‘li. «Forbes Kazakhstan» talqiniga ko‘ra, u mamlakatning eng yirik tadbirkorlaridan biri bo‘lib, boyligi $163 millionga baholangan. 2015-yildan 2018-yilga qadar Qozog‘istondagi eng yirik banklardan biri — «Kaspi»ning aksiyadorlaridan bo‘lgan. 2016-yili o‘zining «Alatau Capital Invest» kompaniyasi orqali «Qozoqtelekom» aksiyalarining 4 foizga yaqinini sotib olgan.
Davlat xizmatlarida ishlagan, poytaxt hokimiga o‘rinbosar bo‘lgan, milliy kompaniyalarda rahbarlik qilgan.
«Qozoqtelekom» — mamlakatdagi eng yirik telekommunikatsiya operatori. Xususan, «Kcell» mobil aloqa kompaniyasining 51 foiz aksiyasiga, «Mobayl Telekom Servis» MChJga esa to‘liq egalik qiladi. O‘z navbatida, «Qozoqtelekom»ning asosiy aksiyadori «Samruk-Kazin» (45,9 foiz) davlat fondi hisoblanadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter