Navalniy Ukraina urushi va Rossiyada imperiyachilik kayfiyatiga chek qo‘yish yo‘lini aytdi
Rossiyalik muxolif siyosatchi, ayni paytda qamoqda jazo muddatini o‘tayotgan Aleksey Navalniy «The Washington Post» gazetasida chop etilgan maqolasida Ukrainadagi urush va Rossiyada tobora kuchayib borayotgan imperiyachilik kayfiyati xususidagi mulohazalari bilan o‘rtoqlashdi.
Ayni paytda kollektiv G‘arb Ukraina Rossiya ustidan g‘alaba qozonishi lozimligi, bosqinchi davlatning qo‘li baland kelishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligini ta’kidlamoqda. Aleksey Navalniy fikricha, G‘arb hamjamiyati bu o‘rinda oqibatni – urushdan keyin Rossiyaning holatini inobatga olmayotir. Muxolifatchiga ko‘ra, urushda mag‘lub bo‘lgan taqdirda ham Kreml mamlakat jamoatchiligini «biz Ukrainaga emas, balki G‘arb va butunboshli NATOga qarshi urushdik» degan iddaoga ishontirib, yana-qayta qurollanishga zo‘r berishi mumkin. Bu esa galdagi xunrezliklarga zamin hozirlaydi.
Aksar tahlilchilar Vladimir Putin prezidentlikdan ketishi bilan rasmiy Moskvaning siyosati keskin o‘zgarishiga umid qilmoqda. Ammo Navalniy Putin ketgan taqdirda ham uning izdoshlari imperiyachilik g‘oyalarini davom ettirishi mumkin deb hisoblaydi.
«Ukraina urushini o‘z ichki siyosiy muammolarini hal etishni ko‘zlagan Putin boshlagani aniq. Ammo imperiyachilik ruhidagi rus avtoritarizmiga suyangan hokimiyat tizimi, butun elita ham muhoraba tarafdori ekanini unutmaslik kerak. Imperiyacha avtoritarizm bugungi Rossiya uchun chinakam tavqila’nat bo‘lib, barcha musibatlarga doyalik qilmoqda. Tarixiy imkoniyatlarga qaramay, undan xalos bo‘la olmayotirmiz», – deb yozadi tutqun siyosatchi.
Qo‘shni mamlakatda amalga oshirilayotgan dahshatli jinoyatlarni nafaqat ukrainlar, balki Rossiyaning keyingi avlodi ham kechirmasligini ta’kidlagan muallif urush va imperiyachilik da’volariga chek qo‘yish yo‘lini taklif etadi.
Qayd etilishicha, SSSR parchalanganidan keyingi 31 yil davomida parlament respublikasi boshqaruv modelini tanlagan respublikalar, xususan, Boltiqbo‘yi o‘lkalari tarixiy yutuqlarga erishdi. Shunga ko‘ra, Rossiya ham parlament respublikasi tizimiga o‘tishi kerak.
«Strategik g‘alaba mohiyati shundaki, Rossiya ana shu tarixiy o‘zanga burilishi va mamlakat xalqi to‘g‘ri tanlovni amalga oshirishi lozim. Rossiya uchun porloq istiqbol «kuchli hokimiyat» va «qattiqqo‘l boshqaruv»da emas, balki o‘zaro murosa, kelishuv va butun jamiyat manfaatlari hisobga olinishida. Rossiya parlament respublikasiga aylanmog‘i darkor, faqat shu yo‘l bilangina imperiyacha avtoritarizmning intihosi ko‘rinmayotgan tarallabedodiga chek qo‘yish mumkin», – deb ta’kidlaydi Navalniy.
Muallifga ko‘ra, Putin yoki uning vorisi parlamentni ham nazoratga olishga urinishi ehtimolidan ko‘z yumib bo‘lmaydi. Ammo parlament respublikasi tizimiga o‘tilishi bilan mutlaq hokimiyatning bir shaxs qo‘lida to‘planishiga chek qo‘yiladi. Mustaqil sud tizimi va mahalliy hokimiyatning kuchayishi ham yakkahukmdorlik yo‘lini yopadi.
«Mamlakatda Putin rejimini o‘zgartirish va munosib taraqqiyot yo‘lini tanlash, shubhasiz, G‘arbning emas, balki Rossiya fuqarolarining vazifasi. Ayni choqda, Rossiya davlati va elitasiga sanksiyalar orqali ta’sir ko‘rsatishga urinayotgan G‘arb ham o‘zi uchun «Rossiya – parlament demokratiyasi mamlakati» degan strategik qarashni belgilab olishi shart. G‘arb davlatlari o‘tgan asrning 90-yillaridagi kabi, sharmandalarcha yo‘l tutib, xatoni takrorlamasligi kerak. O‘shanda postsovet elitaga «Bilgan noma’qulchiligingizni qilavering, yadro quroliga ko‘z-quloq bo‘lib, bizga neft-gazni vaqtida yetkazib tursangiz bas» deyilgan edi. Hozir ham shu kabi noxush ovozlar quloqqa chalinmoqda», – deydi muallif.
Eslatib o‘tamiz, 2022 yilning mart oyida Moskva mahkamasi A.Navalniyni firibgarlik jinoyatida aybdor deb topib, 9 yilga ozodlikdan mahrum etdi. Putinning ashaddiy tanqidchisi bo‘lgan muxolifatchi ayblovlarni rad etgan va siyosiy faoliyati sabab ta’qibga uchrayotganini ma’lum qilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter