Millionlarni «yeb ketgan» bosh vazir ustidan sud hukm chiqardi — Malayziya
Malayziya Oliy sudi sobiq bosh vazir Najib Razzoqqa qarshi surilgan barcha ayblov moddalarini asosli deb topdi. Hukumatning sobiq rahbari davlat investitsiya fondi (1MDB)dan millionlab dollarni o‘zlashtirish hamda boshqa korrupsion jinoyatlarda ayblanayotgan edi.
Najib Razzoq 20 yilgacha qamalishi, yetkazilgan zararni besh hissa qilib qoplashi va rotang tayoqlari bilan kaltaklanishi mumkin.
Najib Razzoq davlat taraqqiyot fondidan $9,8 millionni o‘zlashtirib olgan.
1MDB tarkibidagi «SRC International» kompaniyasiga qarashli 42 million ringgit ($9,8 mln.) Najib Razzoqning shaxsiy hisob-raqamida topilganidan so‘ng unga qarshi surishtiruv boshlangandi. Tergov dalillashicha, «SRC International» bergan kreditlarga hukumat kafolatini taqdim etish uchun Najib bosh vazir lavozimidan foydalanib pora olgan.
Bu pullar kelib tushgan hisob-raqamlaridan Najib o‘z uyini ta’mirlagani, xotiniga «Chanel» soati sovg‘a qilgani hamda siyosiy partiyalarga to‘lovlar amalga oshirilgani haqida dalillar keltirilgan.
Najib Razzoq esa aybiga iqror bo‘lmayapti, aytishicha, «moliyaviy o‘yinlar» uni chalg‘itgan maslahatchilarning ishi. U dushanba kuni feysbukda qoldirgan yozuvida agarda aybdor deb topilsa apellyasiya berishini ma’lum qilgandi.
Ma’lumot uchun: Najib Razzoq Malayziyani 2009—2018-yillarda boshqargan. Davlat taraqqiyot fondi — «1 Malaysia Development Berhad» (1MDB)ga 2009-yili asos solingan. 2015-yilga kelib, fond banklar va obligatsiya egalariga to‘lovlarni kechiktira boshlaganidan keyin g‘alvir suvdan ko‘tarila boshladi. Malayziyalik va amerikalik ekspertlarga ko‘ra, fonddagi qariyb 4,5 milliard AQSh dollari yeb ketilgan.
AR xabariga ko‘ra, bu boshlanishi — sobiq bosh vazir ustidan sudlarning birinchisi. Unga qarshi yana 42 ta ayblovni o‘z ichiga olgan to‘rtta ish ochiladi.
Yana bir ma’lumot: Najib Razzoqning qizi — Nurian Najib Qozog‘istonning sobiq prezidenti Nursulton Nazarboyevning jiyani — Doniyor Kesikbayev bilan 2015-yili turmush qurgan. Bir yilcha avval Malayziya sudi soliqlarni to‘lamay kelgan Nurianga qarshi ish ochgandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter