Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Meksikada 7 nafar o‘zbekistonlik tutqunlikdan qutqarildi. Ulardan pul talab qilingan

Meksikada 7 nafar o‘zbekistonlik tutqunlikdan qutqarildi. Ulardan pul talab qilingan

Meksikaning Durango shtati Gomes Palasio shahrida tutqunlikda ushlab turilgan bir guruh osiyolik muhojir shtat politsiyasi tomonidan qutqarildi. Bu haqda Milenio nashri ma’lum qilmoqda.

Nashr bergan ma’lumotga ko‘ra, O‘zbekiston fuqarolari bo‘lgan 7 nafar shaxs – besh erkak, bir ayol va bir nafar voyaga yetmagan bola bir guruh shaxslar tomonidan pul talab qilinib Rinconada Villa Napoles hududidagi uylarning birida noqonuniy ushlab turilgan.

Mahalliy politsiyaning aniqlik kiritishicha, mazkur guruh a’zolari tutuqunlarni ushbu manzilda ayol kishi nazorati ostida qoldirgan va ozodligi evaziga ulardan 1 200 AQSh dollari talab qilishgan.

Mahalliy politsiya holatdan 911 qisqa raqami orqali xabar topgan va tezkor reydda o‘zbekistonlik muhojirlar qutqarilgan. Ularni uyida tutqunlikda saqlagan ayol esa tegishli tartibda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga topshirilgan.

Ma’lum bo‘lishicha, muhojirlar Mexikodan (Meksika poytaxti, -tahr.) avtobusga o‘tirib, Quyi Kaliforniya shtatiga, u yerdan esa AQShning Kaliforniya shtatiga noqonuniy ravishda o‘tib ketishni rejalashtirgan.Ular yo‘lda, ya’ni Gomes Palasio shahrida, vaqtinchalik uyda to‘xtaganlarida esa yuqoridagi vaziyatga duchor bo‘lishgan.

Ayni paytda o‘zbekistonlik muhojirlar huquqiy yordam va himoya olishlari uchun Milliy migratsiya instituti ixtiyoriga topshirilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq DXX tomonidan Meksika orqali AQShga jo‘natmoqchi bo‘lgan ayrim shaxslarning qo‘lga olingani haqida xabar (1,2,3-holat)lar berilgan edi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring