Mashhur kinoyulduz o‘limining jumbog‘i
Zamondoshlari tomonidan «Asrning eng mashhur ayoli» deya e’zozlangan Merilin Monro haqida yuzlab kitoblar chop etilgan. Monro san’atkor sifatida o‘zini to‘liq namoyon etishga ulgurmagan bo‘lsa-da, ilk qadamlaridan muxlislar tahsiniga sazovor bo‘lgandi. Iste’dodli aktrisa noyob husnu latofat sohibasi edi. Unga juda ko‘p erkaklar, jumladan, mashhur shaxslar ham oshiqi beqaror bo‘lishgandi. Merilinni bir muddat bo‘lsa-da tinch qo‘yishmasdi. Aktrisa go‘zal qaddi qomat va husnga ega edi. Uning fojiasi ham shu bo‘ldi aslida...
Monro o‘limidan so‘ng yozilgan kitoblarda mualliflar asosiy e’tiborni uning aka-uka Kennedilar, Artur Miller, Iv Montan singari taniqli siymolar bilan xushtorlik munosabatlariga qaratishgandi. Faqat ingliz tadqiqotchisi Donald Volfning kitobi bundan mustasno. Volfning asosiy maqsadi mashhur Merilin Monro o‘z joniga qasd qilganmi yoxud atayin o‘ldirilganmi, degan savolga javob topish edi.
Oxir-oqibat muallif Monro o‘ldirilgan degan xulosaga kelgan. Quyidagi ma’lumotlarga e’tibor bering:
Norma Jin (Merilin Monro) 1926-yilning 1-iyunida tavallud topgan. Onasi Gedis Monro Greynmer Hollivud kinolaboratoriyasida xizmat qilgan. Otasi Gifford ham shu laboratoriyada ishlagan. Ular turmush qurishmagandi.
Normaning bolalik yillari juda mashaqqatli kechdi. Qizaloq avvaliga ruhiy kasal buvisinikida, so‘ng qo‘shnisinikida yashadi. Bu orada uning onasi Jasper Beyker ismli bir erkakka turmushga chiqadi. O‘gay otaning Normaga munosabati yaxshi emas edi. Shu bois uni Los-Anjelesdagi yetimxonaga topshirishadi.
Bo‘lajak aktrisa yetimxonada ikki yil yashaydi. 16 yoshida esa samolyotsozlik zavodida ishlovchi Jim Dogerti ismli yigitga turmushga chiqadi. 1943-yilda eri ko‘ngilli sifatida harbiy dengiz flotiga ishga o‘tgani sababli ularning munosabatlari barham topadi. 1945-yilning yozidan Norma Jin fotomodel bo‘lib ishlay boshlaydi. U oyiga 10 dollardan haq olardi. 1946-yildan boshlab kino olamiga qadam qo‘ygan mallasoch Norma Jin Merilin Monro nomini oldi. «Jazda faqat qizlar» filmidagi muvaffaqiyatidan so‘ng shu ism bilan butun dunyoga tanildi. Prezident Jon Kennedi tavallud kuniga bag‘ishlab o‘tkazilgan katta konsertda kuylagan «Narru Virthdau, Mistyer Rryesident» qo‘shig‘i esa uni yanada mashhur qilib yubordi.
«Hollivud timsoli, dilbar Merilin Monro yakshanba kuni fojiali tarzda hayotdan ko‘z yumdi. U endigina 36 bahorni qarshilagan edi. Aktrisaning jonsiz tanasini yotoqxonasidan topishgan. Ehtimol, u o‘z joniga qasd qilgandir? Merilin telefon go‘shagini ushlagan holda jon bergan. O‘rindiqdan esa uyqu dorisi solingan bo‘sh shishacha topilgan».
Assosiated Press axborot agentligining 1962-yil, 5-avgustda Merilin Monro vafoti haqida tarqatgan dastlabki xabari mazmuni ana shunday edi.
Donald Volf o‘z tekshiruvini Monroning 36 yillik umri davomida yuz bergan voqealar asosida olib bordi. U aktrisa halokati sababini bilish maqsadida barcha guvohlar bilan suhbatlashdi. Monro haqida o‘zigacha yozilgan kitoblarni birma-bir sinchiklab mutolaa qildi, hatto federal tekshiruv byurosi va markaziy razvedka boshqarmasi tasarrufidagi foydalanish mumkin bo‘lgan dalillarni ham e’tibordan chetda qoldirmadi.
Volf o‘z hikoyasini quyidagicha boshlaydi: «1962-yilning 5-avgustga o‘tar kechasi, Brentvuddagi (Los-Anjelesning kiborlar yashaydigan qismi) Yelena ko‘chasida joylashgan 12305-uyda xizmatkor bo‘lib ishlovchi Yunis Merrey xonim taxminan qoq yarim tunda uyg‘onib, hojatxonaga yo‘l oladi. U uy sohibasi Merilin Monro yotoqxonasi yonidan o‘tayotib, yotoqxona eshigi tagida chiroq nurini ko‘rib qoladi. Chiroq o‘chirilmay qolibdi deb o‘ylaydi va eshikni ohista taqillatadi. Biroq hech qanday javob bo‘lmaydi. Eshik ichkaridan qulflangan edi. Bundan tashvish tortgan xizmatkor darhol Monroning shaxsiy shifokor-ruhshunosi Grinsonga qo‘ng‘iroq qiladi.
Vrach ularga yaqin joyda yashardi. Shu bois u yarim soat o‘tar-o‘tmas Monroning uyiga yetib keladi. U ham yotoqxona eshigini taqillatib ko‘radi. Javob ololmagach, hovliga chiqib, yotoqxona derazasidan mo‘ralaydi. Merilin o‘rnida qimir etmay yotar edi. Bundan xavotirlangan Grinson deraza oynasini sindirib, ichkariga oshib tushadi. So‘ng eshikni ochadi. U yotoqxonaga kirgan ayolga «Biz undan judo bo‘libmiz», deydi.
Shundan keyin Grinson Monroning shaxsiy jarrohi Engelbergga qo‘ng‘iroq qilib, tezda yetib kelishini so‘raydi. Engelberg ham bir zumda keladi. Shifokorlar bir necha soatni o‘zaro suhbatda o‘tkazadilar. Xizmatkorni chaqirib, singan oyna o‘rniga yangisini qo‘yishni buyurishadi. Ular yuz bergan falokat haqida politsiyaga tonggi to‘rt yarimda xabar qilishadi.
Monroning uyiga birinchi kelgan politsiyachi Jek Klemmons edi. Aynan shu serjant Merilin o‘limiga daxldor qator jumboq va noaniqliklar mavjudligiga e’tiborni jalb qilgan. Bular unga guvohlar bilan suhbatlashish va o‘lim sodir bo‘lgan joy bilan tanishish paytida ma’lum bo‘lgan. Kunduzi serjantning xizmat muddati tugab, o‘rniga boshqa politsiyachi kelgan. Bu vaqtda Monroning uyi ommaviy axborot vositalari xodimlari qurshovida qolgan edi.
Merilin Monro o‘limi qay tarzda sodir bo‘lganini J.Klemmonsdan keyin politsiyachilar, vrachlar, jurnalistlar va hatto oddiy ishqibozlar ham tekshirganlar. Ammo jumboqlar ko‘paysa-ko‘payganki, aslo kamaymagan. Ulardan ayrimlarini keltirib o‘tsak: xizmatkor Yunis Merrey yotoqxona eshigi tagida chiroq nurini ko‘rishi mumkin emasdi. Fojiadan bir necha kun avval Monroning yotoqxonasi poliga to‘shalgan qalin gilam eshik tagini butkul yopib turardi. Merrey 1975-yilda nashr qildirgan kitobida: «Baliq burjida tug‘ilganim uchun telepatik qobiliyatga egaman, shu bois men nurni ko‘rmagan bo‘lsam-da, xonada chiroq yoniq turganini sezganman» , deb yozgandi. Ammo uy tarxidan aniq ma’lumki, Merrey hojatxona tomonga bekaning yotoqxonasi yonidan umuman o‘ta olmas edi.
Yana bir noaniqlik: Shifokorlar Merilinni qutqarib qolish uchun hech nima qilishmagan. Ularning yuz bergan halokat haqida politsiyaga qariyb to‘rt soatdan keyin xabar qilishgani sababi esa mavhumligicha qolgan. Shifokorlar, biz o‘zaro gaplashiyu turgandik, deyishgan, lekin suhbat mavzusini oshkor qilishdan bosh tortishgan.
Rasmiy ma’lumotlarda aytilishicha, Merilin... 50 dona uyqu dorisini yutgan. Ammo shuncha hapdorini suvsiz yutish mumkin emas! Halokat sodir bo‘lgan joydan suv ichadigan idish topilmagan. Vannaxonada ham suv yo‘q edi. Uyda ta’mirlash ishlari olib borilayotgani bois suv berkitib qo‘yilgandi.
Merilinning o‘limi oldidan telefonda kim bilan gaplashgani ham noma’lum. Telefon stansiyasi tomonidan yozib olingan suhbat matnlari musodara qilingan. Bu ishni mansabdor shaxslar bajarishgan ekan.
Aktrisa jasadining ko‘rinishi ham shubha uyg‘otar edi. Monro yuzi o‘rindiqqa tutash holatda yotar, oyoqlari uzatilgan va yondosh qo‘yilgandi. Qo‘llari ikki yonboshiga yopishib turardi. Ko‘p ichilgan uyqu dorisi esa boshqacha manzara paydo qiladi! Butun gavda dori ta’sirida changak bo‘lib qoladi. Shifokorlar, tana holatini o‘zgartirgan emasmiz, deyishgan. Bundan tashqari, ko‘p miqdordagi uyqu dorisi odamni qustiradi. Monroda esa bunday holat kuzatilmagan.
Tekshiruv chog‘ida ham ko‘pgina ajabtovur ishlar sodir bo‘ldi. Toksikologiya laboratoriyasida Monro murdasidan olingan suyuqlik yo‘qolgan. Ayrim guvohlar ko‘rsatma berish uchun... umuman chaqirilmagan. Guvohlik ko‘rsatmalari yozilgan bir qancha qog‘ozlar yo‘qotilgan. Eng muhim ashyoviy dalil − Monro kundaligi ham izsiz ketgan. «O‘lim kitobi» deb nomlangan bu «tilsim», ayrim manbalardan ma’lum bo‘lishicha, bugun Los-Anjeles politsiyasi uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash bo‘limining maxfiy arxivida saqlanar ekan. Kundalik bilan tanishganlarning aytishicha, unda Monro va Robert Kennedi o‘rtasida turli mavzularda bo‘lib o‘tgan suhbatlarga doir yozuvlar bo‘lgan.
Xo‘sh, Merilin Monro o‘limi qanday sodir bo‘lgan? Kitob muallifi Volf fikricha, kompyuter texnikasi yordamida o‘tkazilgan yangi toksikologik tashxis xulosasi shuni tasdiqladiki, o‘limga olib kelgan miqdordagi uyqu dorisi Merilin tanasiga vena orqali yuborilgan, u hech qanday hapdori yutgan emas
Aktrisa 4-avgust kuni kechqurun telefonda Xose Bolanos bilan gaplashgan. Aloqa birdan uzilib qolgan. So‘ngra yarim soat o‘tar-o‘tmas, Monro Piter Louford bilan gaplashgan. Bu uning hayotidagi so‘nggi qo‘ng‘iroq edi. So‘zlashuv chog‘ida Monro hushidan ketgan va telefon go‘shagi uning qo‘lida qolgan. Mana shu ikki so‘zlashuv oralig‘idagi yarim soatlik fursatda unga ukol qilishgan. Bu paytda Monroning yotoqxonasida Robert Kennedi bo‘lgan. Ular janjallashib qolishgan. Robert undan nimanidir talab qilgan, evaziga pul ham bermoqchi bo‘lgan. Biroq Merilin rad etgan. Robertdan darhol ketishini, uni butkul unutishini so‘ragan. Janjaldan so‘ng R.Kennedi uyni tark etgan. Merilin Monro esa tibbiy yordamga muhtoj holatda qolavergan...
Bu sirli o‘lim xususida Donald Volf taxminiy xulosaga keladi. Monro o‘limidan yarim soat oldin uning uyiga AQSh prezidenti Jon Kennedining ukasi Robert Kennedi kelgan. Unga ikki erkak hamrohlik qilgan. Xavfsizlik xizmati soqchilari bo‘lgan bu kimsalar R.Kennedining xos soqchilari edi. Merilin Monro tomiriga o‘lim dorisini shular yuborishgan. Biroq, afsuski, ularning ism-familiyasini D.Volf aniqlay olmagan. Shu tarzda bu o‘lim yana sirliligicha qolaverdi.
Izzat Ahmedov
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter