XX asrning eng go‘zal ayolini kim o‘ldirgan? Merilin Monroning sirli hayoti
XX asrning eng mashhur kino yulduzi Merilin Monro (haqiqiy ismi – Norma Jin Beyker)ning ijro etgan rollari unga kino olamida muvaffaqiyat keltirdi. Biroq bu muvaffaqiyat unga baxt keltirish o‘rniga, ayanchli qismat tuhfa etdi. Aktrisaning sirli o‘limi butun dunyoni larzaga soldi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, aktrisa o‘z joniga qasd qilgan. Lekin haqiqatdan ham shundaymi?
Bugungi maqolamizda, XX asrning eng go‘zal ayoli, Gollivudning eng mashhur kino yulduzi Merilin Monroning sirli hayoti haqida hikoya qilamiz.
Sarsonlikda o‘tgan bolalik
XX asrning eng go‘zal ayoli deya e’tirof etilgan, dunyo darajasiga ko‘tarilgan kino yulduz Merilin Monro 1926-yil 1-iyun kuni Los-Anjeles shahrida dunyoga kelgan. Merilinning haqiqiy ismi Norma Jin Beyker bo‘lgan. Uning onasi kino montajchi Gledis Pyorl Beyker bo‘lib, Merilin uning uchinchi farzandi edi.
Merilin Monroning otasi kim ekanligi haqida bir nechta qarashlar mavjud. Ulg‘ayotgan Merilin otasi Charlz Stenli Gifford (aktrisaning onasi bu inson bilan 1925-yilda ishqiy munosabatda bo‘lgan) ekanligini bilgan va bir necha bor u bilan bog‘lanishga harakat qilgan. Ammo, Charlz haqiqatdan Merilin uning qizi ekanligini bilsa-da, u bilan bog‘lanishdan bosh tortgan. Lekin 2022-yilda o‘tkazilgan DNK testidan so‘ng, uning otasi Charlz Stenli Gifford ekanligi rasman tasdiqlangan.
Norma Jin hayotining dastlabki yillarida juda baxtli hayot kechirdi. Ona ish bilan band bo‘lganligi sababli farzandlariga yetarlicha e’tibor bera olmadi. Shu bois ona qizini vaqtincha qarindoshlari Albert va Ida Bolender oilasiga berdi. 1933-yilning yozida Gledis qizini olib, Gollivuddan kichik uy sotib oldi. Bir yildan so‘ng Gledisda ruhiy kasallik alomatlari ko‘rina boshladi. Unga paranoid shizofreniya tashxisi qo‘yildi. 1935-yilda Monroning onasi Ervin Goddardga turmushga chiqdi. O‘sha vaqtda bo‘lajak yulduz to‘qqiz yoshga to‘lgandi.
Yangi oilada Merilin ortiqcha edi. Gledis yosh qizchasini Los-Anjelesdagi bolalar uyiga topshirishga majbur bo‘ldi. Biroq ona farzandisiz uzoq yashay olmadi. Gledis qizini mehribonlik uyidan olib ketdi. Ammo, uyda yosh Monro o‘gay otasi tomonidan jinsiy tajovuzga uchradi. Shundan so‘ng, u Kompton (Kaliforniya)dagi katta xolasining uyiga ketishga majbur bo‘ldi. 1944-yilda bo‘lajak yulduz o‘zining birinchi turmush o‘rtog‘i Jeyms Dogerti bilan oila qurdi.
Monroning foto modellikdagi faoliyati
Jin Beyker foto modellik faoliyatida Merilin Monro ismi bilan tanildi. Vaqt o‘tishi bilan u sochlarini sariq rangga bo‘yadi. Emmelin Snayvlining so‘zlariga ko‘ra, Merilin Monro eng shuhratparast va mehnatsevar modellardan biri bo‘lgan, 1946-yil boshiga kelib uning suratlari 33 ta jurnalning muqovasida bosib chiqarildi. U o‘sha yili aktyorlik agentligi bilan shartnoma imzoladi. Monroning eri uning aktyorlik karerasiga qarshi chiqdi. Shu sababli, kino yulduz 1946-yilda Jeyms Dogerti bilan ajrashishga qaror qildi.
1947-yilning fevral oyida unga «Xavfli yillar» va «Skudda-u! Skudda-ey!» filmlarida birinchi ikkita epizodik rol berildi. Shundan so‘ng, Monroga rejissyorlardan taklif bo‘lmadi. U yana modellikga qaytdi.
Kinodagi ilk muvaffaqiyat
1950-yilda Merilin Monro oltita filmda suratga tushdi. Birinchi filmda u qarigan jinoyatchining yosh sevgilisi Anjela rolini o‘ynadi. Monro rol o‘ynagan filmlar tezda muvaffaqiyatga erishdi. Shu vaqtdan boshlab Merilin Monroning yulduzlik onlari boshlandi. 1950-yilda «20th Sentury Fox» Monro bilan yetti yilga shartnoma imzoladi. 1951-yil yosh aktrisa uchun omadli bo‘ldi. Mart oyida bo‘lib o‘tgan Oksar mukofotini topshirish jarayonida Monro nominatsiyalardan birida g‘olib bo‘ldi. Shundan keyin, u bosh rollarni o‘ynay boshladi.
1953-yilda Merilin Monro uchta filmda rol o‘ynadi. Qisqa vaqt ichida u Gollivudning eng daromadli aktrisalaridan biriga aylandi. 1953-1954–yillarda Merilin Monro eng yaxshi 10 ta yulduz ro‘yxatiga kiritildi.
«20th Sentury Fox» bilan mojaro
1954-yil 4-yanvar kuni «20th Sentury Fox» studiyasi Merilin Monro bilan shartnomani to‘xtatdi. Muammo shunda bo‘ldiki, rahbariyat aktrisaga kino ssenariyini o‘qishga ruxsat bermadi. Chunki shartnomaga ko‘ra, Monro ssenariyni tasdiqlash huquqiga ega emasdi. Bir kuni studiya unga yangi filmning ssenariyasini jo‘natdi. Monro ssenariyni o‘qib chiqib, rejissyorga e’tiroz bildirdi. Bundan tashqari, filmni suratga olish uchun haftasiga 5000 dollar to‘lanar edi. Bu esa o‘sha vaqtdagi Amerikaning birinchi raqamli aktrisasi uchun past baho edi. Tabiiyki, bundan Monro xafa bo‘ldi.
1952-yildan boshlab ommaviy axborot vositalari Merilin Monro va beysbol yulduzi Jo Di Maggio o‘rtasidagi munosabatlarni diqqat bilan kuzatishdi. 1954-yil 14-yanvar kuni aktirisa Jo Di Maggioga turmushga chiqdi. Biroq ularga uzoq vaqt birga bo‘lish nasib etmadi. Jo Di Maggio Monroni telbalarcha sevar va uni barchadan qizg‘anar edi. Rashk o‘tida yongan Maggio o‘z ayolini begona erkaklar bilan turli kinolarda turlicha rollarni ijro etishidan qattiq g‘azablanar va ba’zida Monroga qo‘l ham ko‘tarib yuborar edi. Maggioning qattiq rashki sababli juftlik 1954-yilning oktyabr oyida ajrashdi. Lekin ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, ular 1955-yilgacha pinhona uchrashib yurishgan.
Eri bilan ajrashgan kino yulduziga tezda xaridor ham topildi. Monro 1956-yil 29-iyunda amerikalik dramaturg va yozuvchi Artur Millerga turmushga chiqdi. Bu yangilik gazetalarning birinchi sahifasida katta sarlavhalar bilan chop etildi. Ayrim gazetalar esa juftlikning ustidan kuldi. Shundan so‘ng, aktrisa yangi shartnoma bo‘yicha «Avtobus bekati» komediya-drama filmida suratga tushdi. Film premerasi 1956-yil avgust oyida bo‘ldi. Bu film 7 million dollar daromad keltirgan holda xit darajasiga ko‘tarildi.
Merilin Monro yulduz bo‘lsa-da, bolalikdan qolgan eski xotiralar uni tez-tez tushkunlikka tushib qolishiga sabab bo‘lgan. Shu sababli, kino yulduz doim tinchlantiruvchi dori iste’mol qilib yurgan.
Monro va Kennedi o‘rtasida nimalar bo‘lgan?
1961-yilda kino yulduz Merilin Monro AQShning 35-prezidenti Jon Kennedi bilan birinchi bor uchrashdi. Shundan so‘ng, ular bir nechta tadbirlarda uchrashishdi. 1962-yil 19-may kuni prezident tug‘ilgan kunida Monro so‘zga chiqib, Kennedini tabrikladi. Bu holat jurnalistlarning nazaridan chetda qolmadi. Tez orada matbuotda Merilin Monro va Jon Kennedi o‘rtasidagi munosabatlar haqida turli mish-mishlar tarqaldi. Xuddiki, ular bir-biri uchun yaratilgandek. Birinchisi mamlakatning eng go‘zal ayoli, ikkinchisi esa mamlakatning birinchi odami edi. Lekin bu gap so‘zlar Kennedining prezidentlik obro‘siga katta putur yetkazish uchun foydalanilgan bo‘lishi mumkin.
Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, aktrisa prezidentga xatlar yozgan va tez-tez qo‘ng‘iroq qilib turgan. Biroq aktrisa va prezident o‘rtasidagi munosabatlar haqida aniq dalillar yo‘q. 2000 yillarda Jozef Kennedi degan inson o‘zini Jon Kennedi va Merilin Monroning farzandi ekanligini da’vo qildi. Biroq u o‘zining da’vosini isbotlay olmagan.
Dunyo go‘zalining sirli o‘limi
1962-yilning 4-avgust kino yulduzining so‘nggi kuni bo‘ldi. U o‘sha kunni o‘zining Brentvuddagi uyida o‘tkazdi. Monro tunda shaxsiy massaj terapevtidan massaj oldi va do‘stlari bilan telefonda gaplashdi. Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘sha kuni ertalab uning uyida xizmatchisi Yunis Myurrey va publitsist Patrisiya Nyukomb bo‘lgan. Oqshom tushishi bilan Nyukomb uyiga ketgan. Tungi soat 3:00 da Monroning uy bekasi Myurrey uyg‘onib ketdi. O‘sha vaqtda uning e’tibori aktrisa yotgan xonaga tushdi. Yotoqxonada hali ham chiroq o‘chmagan edi. U eshikni taqillatib, o‘z bekasidan xol ahvol so‘raydi. Ammo, ichkaridan unga javob kelmadi. Eshik esa qulflangan edi. Xavotirga tusha boshlagan xizmatkor aktrisaning shifokori Ralf Grinsonga qo‘ng‘iroq qiladi. Shifokor Monroning uyiga kelib, eshikni ochishga urinib ko‘radi. Eshikni ocha olmagan Grinson tashqaridan Monro yotgan xonaning derazasini sindirib, ichkariga kiradi. U xonada yalang‘och holatda, telefon trubkasini qattiq ushlab, behush yotgan Monroga duch keldi. Afsuski, bu vaqtda mashhur kino yulduzi abadiy uyquning og‘ushida edi.
1962-yil 8-avgust kuni Vestvud qabristonida Merilin Monroning dafn marosimi bo‘lib o‘tdi. Marosimga kelgan yuz minglab odamlar qabriston atrofidagi ko‘chalarni to‘ldirdi. Dafn marosimiga aktrisaning sobiq turmush o‘rtoqlaridan faqat Jo Di Maggio keldi. Merilin Monro Vestvud qabristonidagi 24-sonli qabrga dafn qilindi.
Xalqaro yulduz Merilin Monroning kutilmaganda vafot etishi AQSh va Yevropada rezonans berdi. Gazetalar haftalab, oylab aktrisaning o‘limi haqida yozdi. O‘nlab hujjatli filmlar ishlandi. Amerikalik yozuvchi Lois Banner o‘sha vaqtlarni eslab shunday yozgan edi:
«Merilin Monro vafotidan keyin Los-Anjelesda o‘z joniga qasd qilish darajasi ikki baravar ko‘paydi».
Merilin Monroning o‘limi haqida turlicha qarashlar mavjud. Bir guruh buni qotillik deb atasa, boshqalar dori dozasini oshirib yuborish oqibati, deb qaraydi. Lekin ekspertiza natijalari Merilin Monroni dori ichib, o‘z joniga qasd qilganini tasdiqlagan.
Sardor Ali
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter