Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Mashhur kinoyulduz o‘limining jumbog‘i

Mashhur kinoyulduz o‘limining jumbog‘i

Zamondoshlari tomonidan «Asrning eng mashhur ayo­li» deya e’zozlangan Merilin Monro haqida yuz­lab ki­toblar chop etilgan. Monro san’atkor sifatida o‘zi­ni to‘liq namoyon etishga ul­gurmagan bo‘l­sa-da, ilk qadamlaridan mux­lislar tah­siniga sazovor bo‘l­­gandi. Iste’dodli aktrisa noyob husnu latofat so­hibasi edi. Unga ju­da ko‘p erkaklar, jum­ladan, mash­­hur shaxslar ham oshiqi beqaror bo‘lishgandi. Merilinni bir muddat bo‘lsa-da tinch qo‘yishmasdi. Aktrisa go‘zal qaddi qomat va husnga ega edi. Uning fojiasi ham shu bo‘ldi aslida...

Monro o‘limidan so‘ng yozilgan kitoblarda mual­lif­lar asosiy e’ti­borni uning aka-uka Kennedilar, Artur Mil­ler, Iv Montan singari taniqli siymolar bilan xush­torlik munosabat­lariga qaratishgandi. Faqat ing­liz tadqiqotchisi Donald Volfning kitobi bundan mus­tas­no. Volfning asosiy maqsadi mashhur Merilin Monro o‘z joniga qasd qilganmi yoxud ata­yin o‘ldirilganmi, de­gan savolga javob topish edi.

Oxir-oqibat muallif Monro o‘ldirilgan degan xu­lo­saga kelgan. Quyidagi ma’lumotlarga e’tibor bering:

Norma Jin (Merilin Monro) 1926-yilning 1-iyu­ni­­da ta­val­­lud topgan. Onasi Gedis Monro Greynmer Hol­­livud kino­laboratoriyasida xizmat qilgan. Otasi Gif­­ford ham shu laboratoriyada ishlagan. Ular turmush qu­rishmagandi.

Normaning bolalik yillari juda mashaqqatli kech­di. Qizaloq avvaliga ruhiy kasal buvisinikida, so‘ng qo‘sh­nisinikida yashadi. Bu orada uning onasi Jasper Bey­ker ismli bir erkakka turmushga chiqadi. O‘gay ota­­ning Normaga munosa­bati yaxshi emas edi. Shu bois uni Los-Anjelesdagi yetim­xo­naga topshirishadi.

Bo‘lajak aktrisa yetimxonada ikki yil yashaydi. 16 yoshi­da esa samolyotsozlik zavodida ishlovchi Jim Dogerti ism­li yi­gitga turmushga chiqadi. 1943-yilda eri ko‘n­gil­li sifatida ha­rbiy dengiz flotiga ishga o‘tgani sa­babli ularning munosabatlari barham topadi. 1945-yil­ning yozidan Norma Jin fotomodel bo‘lib ishlay bosh­laydi. U oyiga 10 dollardan haq olar­di. 1946-yildan boshlab kino olamiga qadam qo‘ygan mal­lasoch Norma Jin Me­­rilin Mon­ro nomini oldi. «Jaz­da faqat qizlar» filmi­dagi muvaf­fa­qiyatidan so‘ng shu ism bilan butun dunyoga tanildi. Prezident Jon Kennedi tavallud kuniga bag‘ishlab o‘tkazilgan kat­ta konsertda kuylagan «Narru Virthdau, Mistyer Rryesident»  qo‘­shi­g‘i esa uni yanada mashhur qilib yubordi.

«Hollivud timsoli, dilbar Merilin Monro yakshan­ba ku­­ni fojiali tarzda hayotdan ko‘z yumdi. U endigina 36 ba­­horni qarshilagan edi. Aktrisaning jonsiz tanasini yotoq­xo­nasi­dan topishgan. Ehtimol, u o‘z joniga qasd qil­gan­dir? Merilin telefon go‘shagini ushlagan holda jon bergan. O‘rin­­diqdan esa uyqu dorisi solingan bo‘sh shishacha to­pilgan».

Assosiated Press axborot agentligining 1962-yil, 5-avgustda Merilin Mon­ro vafoti haqida tar­qat­gan dastlabki xabari mazmuni ana shunday edi.

Donald Volf o‘z tekshiruvini Monroning 36 yillik umri davomida yuz bergan voqealar asosida olib bordi. U aktrisa halokati sababini bilish maqsadida barcha guvohlar bilan suhbatlashdi. Monro ha­qida o‘zigacha yozilgan kitoblarni birma-bir sinchiklab mu­tolaa qildi, hatto federal tekshiruv byurosi va mar­ka­ziy razvedka boshqarmasi tasarruf­idagi foydalanish mum­kin bo‘lgan dalillarni ham e’ti­bordan chetda qol­dir­madi.

Volf o‘z hikoyasini quyidagicha bosh­laydi: «1962-yilning 5-avgustga o‘tar kechasi, Brentvud­dagi (Los-Anjelesning kiborlar yashaydigan qismi) Yelena ko‘­cha­sida joylashgan 12305-uyda xizmatkor bo‘lib ish­lov­chi Yunis Merrey xonim taxminan qoq yarim tunda uyg‘onib, ho­­­jatxonaga yo‘l oladi. U uy sohibasi Me­ri­lin Monro yotoq­­xonasi yonidan o‘tayotib, yotoqxona eshigi ta­gida chi­roq nu­rini ko‘rib qoladi. Chi­roq o‘chirilmay qo­­libdi deb o‘ylaydi va eshikni ohis­ta taqil­la­ta­­di. Biroq hech qanday javob bo‘lmaydi. Eshik ichka­ri­dan qulf­langan edi. Bundan tashvish tort­gan xizmat­kor darhol Mon­roning shaxsiy shifokor-ruhshunosi Grin­son­ga qo‘ng‘iroq qi­la­di.

Vrach ularga yaqin joyda yashar­di. Shu bois u yarim soat o‘tar-o‘tmas Mon­roning uyiga yetib ke­la­di. U ham yotoqxona eshigini ta­­qillatib ko‘ra­di. Ja­vob ololmagach, hovliga chiqib, yotoq­xona deraza­si­dan mo‘­ra­laydi. Merilin o‘rnida qi­mir etmay yotar edi. Bun­dan xavotirlangan Grinson de­raza oynasini sin­­dirib, ich­kariga oshib tushadi. So‘ng eshikni ochadi. U yotoqxonaga kir­gan ayolga «Biz undan ju­do bo‘lib­miz», dey­di.

Shundan keyin Grin­son Monroning shax­siy jarrohi En­gel­bergga qo‘ng‘iroq qilib, tezda yetib kelishini so‘­raydi. Engelberg ham bir zum­da keladi. Shifo­kor­lar bir necha soatni o‘zaro suh­batda o‘tkazadilar. Xizmatkorni cha­qi­rib, sin­gan oyna o‘r­niga yangisini qo‘yishni buyu­ri­sha­di. Ular yuz bergan fa­lokat haqida politsiyaga tonggi to‘rt yarim­da xabar qilishadi.

Monroning uyiga birinchi kelgan politsiyachi Jek Klem­mons edi. Aynan shu serjant Merilin o‘limiga daxl­dor qator jumboq va noaniqliklar mav­judligiga e’tiborni jalb qilgan. Bular unga guvohlar bilan suh­batlashish va o‘lim so­dir bo‘lgan joy bilan tanishish paytida ma’lum bo‘lgan. Kunduzi serjantning xizmat mud­dati tugab, o‘r­ni­ga boshqa politsiyachi kelgan. Bu vaqtda Monroning uyi ommaviy axborot vositalari xodimlari qur­shovida qolgan edi.

Merilin Monro o‘limi qay tarzda sodir bo‘lganini J.Klem­monsdan keyin politsiyachilar, vrachlar, jurna­list­­lar va hatto oddiy ishqibozlar ham tekshirganlar. Ammo jumboqlar ko‘paysa-ko‘pay­gan­ki, aslo ka­may­magan. Ulardan ayrimlarini kel­ti­rib o‘tsak: xizmatkor Yunis Mer­rey yotoqxona eshigi tagida chi­roq nurini ko‘rishi mum­kin emasdi. Fojiadan bir necha kun avval Monroning yotoqxonasi po­liga to‘shalgan qalin gi­lam eshik tagini butkul yopib tu­rardi. Merrey 1975-yil­­da nashr qildirgan kitobida: «Baliq burjida tug‘il­ganim uchun telepatik qobiliyatga egaman, shu bois men nurni ko‘rmagan bo‘lsam-da, xonada chiroq yoniq tur­ga­nini sezganman» , deb yozgandi. Ammo uy tarxidan aniq ma’lumki, Merrey hojatxona tomonga beka­ning yotoq­xonasi yonidan umuman o‘ta olmas edi.

Yana bir noaniqlik: Shifokorlar Merilinni qut­qa­rib qo­lish uchun hech nima qilishmagan. Ular­ning yuz bergan halokat haqida politsiyaga qariyb to‘rt soatdan keyin xabar qilish­gani sababi esa mav­hum­ligicha qolgan. Shifokorlar, biz o‘zaro gaplashiyu turgandik, de­yishgan, lekin suhbat mavzusini oshkor qilishdan bosh tort­ishgan­.

Rasmiy ma’lumotlarda aytilishicha, Merilin... 50 dona uyqu dorisini yutgan. Ammo shuncha hapdorini suv­siz yutish mumkin emas! Halokat sodir bo‘lgan joy­­dan suv icha­digan idish topilmagan. Vannaxonada ham suv yo‘q edi. Uyda ta’mirlash ishlari olib bori­la­yotgani bois suv berkitib qo‘yilgandi.

Merilinning o‘limi oldidan telefonda kim bilan gap­­lash­gani ham noma’lum. Telefon stansiyasi tomo­nidan yozib olingan suhbat matnlari musodara qi­lingan. Bu ishni mansabdor shaxslar bajarishgan ekan.

Aktrisa jasadining ko‘rinishi ham shubha uyg‘otar edi. Mon­ro yuzi o‘rindiqqa tutash holatda yotar, oyoqlari uzatilgan va yondosh qo‘yilgandi. Qo‘llari ikki yonboshiga yopi­shib turardi. Ko‘p ichilgan uyqu dorisi esa bosh­qacha manzara paydo qiladi! Butun gavda dori ta’sirida chan­gak bo‘lib qo­ladi. Shifokorlar, tana holatini o‘z­gar­­tirgan emasmiz, deyishgan. Bundan tashqari, ko‘p miq­dor­dagi uyqu dorisi odamni qustiradi. Monroda esa bun­day holat kuzatilmagan.

Tekshiruv chog‘ida ham ko‘pgina ajabtovur ishlar so­dir bo‘ldi. Toksikologiya laboratoriyasida Monro mur­da­sidan olin­gan suyuqlik yo‘qolgan. Ayrim guvohlar ko‘r­satma berish uchun... umuman chaqirilmagan. Guvohlik ko‘r­satmalari yozilgan bir qancha qog‘ozlar yo‘qotilgan. Eng muhim ashyoviy dalil − Monro kundaligi ham izsiz ketgan. «O‘lim kitobi» deb nomlangan bu «tilsim», ayrim manbalardan ma’lum bo‘lishicha, bugun Los-Anjeles politsiyasi uyushgan jinoyat­chi­likka qarshi kurash bo‘limining maxfiy arxivida saqlanar ekan. Kundalik bilan tanishganlarning aytishicha, unda Mon­ro va Robert Kennedi o‘rtasida turli mavzularda bo‘­­lib o‘tgan suhbatlarga doir yozuvlar bo‘lgan.

Xo‘sh, Merilin Mon­ro o‘limi qanday sodir bo‘lgan? Kitob muallifi Volf fikricha, kompyuter texnikasi yordamida o‘tkazilgan yangi toksikologik tashxis xulo­sa­si shuni tasdiq­ladiki, o‘limga olib kelgan miqdor­da­gi uyqu dorisi Meri­lin tanasiga vena orqali yubo­rilgan, u hech qanday hapdori yutgan emas

Aktrisa 4-avgust kuni kechqurun telefonda Xose Bolanos bilan gaplashgan. Aloqa birdan uzilib qolgan. So‘ngra yarim soat o‘tar-o‘tmas, Monro Piter Louford bilan gaplashgan. Bu uning hayotidagi so‘nggi qo‘ng‘iroq edi. So‘zlashuv chog‘ida Monro hushidan ketgan va telefon go‘shagi uning qo‘­lida qolgan. Mana shu ikki so‘zlashuv ora­lig‘idagi yarim so­at­lik fursatda unga ukol qi­lishgan. Bu paytda Monroning yotoq­xonasida Robert Kennedi bo‘lgan. Ular janjallashib qolishgan. Robert undan nimanidir talab qilgan, evaziga pul ham ber­moq­chi bo‘lgan. Biroq Merilin rad et­gan. Robertdan darhol ketishini, uni butkul unutishini so‘ragan. Janjaldan so‘ng R.Kennedi uyni tark etgan. Merilin Monro esa tibbiy yordamga muhtoj holatda qolavergan...

Bu sirli o‘lim xususida Donald Volf tax­mi­niy xulosaga keladi. Monro o‘limidan yarim soat oldin uning uyiga AQSh prezidenti Jon Ken­ne­dining ukasi Ro­bert Kennedi kelgan. Unga ikki erkak hamrohlik qilgan. Xavfsizlik xizmati soqchilari bo‘l­gan bu kimsalar R.Ken­nedining xos soqchilari edi. Merilin Monro tomiriga o‘lim dorisini shular yuborishgan. Biroq, afsus­ki, ularning ism-familiyasini D.Volf aniqlay olmagan. Shu tarzda bu o‘lim yana sirliligicha qolaverdi.

Izzat Ahmedov

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring