Malayziya bosh vaziri BMTdan Isroilni javobgarlikka tortishni so‘radi
Xalqaro hamjamiyat Quddusdagi Al-Aqso masjidiga uyushtirgan bosqini uchun Isroilni javobgarlikka tortishi kerak. Bu haqda Malayziya bosh vaziri Anvar Ibrohim bayonot berdi.
«Malayziya xalqaro hamjamiyat, xususan, BMT Xavfsizlik kengashini mudhish jinoyati uchun Isroil rejimini javobgarlikka tortishga chaqiradi. Ayni choqda, barcha hibsga olingan falastinliklarni zudlik bilan ozod etishni talab qiladi», – deb yozdi bosh vazir Twitter platformasida.
Malayziya yetakchisi xalqaro hamjamiyatni Isroil tomonidan tinchlik va barqarorlikka tahdid soluvchi provokatsiyalar sodir etilishini to‘xtatish borasida faollikka undadi.
«Malayziya har doimgidek Falastin xalqi bilan birdamligi va Quddusi sharif musulmon ummatining muqaddas maskani maqomida ekanini tasdiqlaydi», – deydi Anvar Ibrohim.
Malayziya tashqi ishlar vazirligi bayonotida ham Isroil maxsus kuchlarining Al-Aqso masjidiga uyushtirgan bosqini nafratga loyiq ekani, ushbu amaliyot ortidan falastinliklarning huquqlari qo‘pol ravishda buzilgani ta’kidlangan.
«Falastinliklar 1967 yilga qadar bo‘lgan chegaralarda, poytaxti Sharqiy Quddus bo‘lgan mustaqil davlatga ega bo‘lishga haqlidir. Malayziya ushbu pozitsiyasida sobit», – deyiladi rasmiy Kuala-Lumpur bayonotida.
Avval xabar berganimizdek, Isroil xavfsizlik kuchlari 4 aprel kechasi va 5 aprel subhida Al-Aqso masjidiga bostirib kirib, namoz o‘qiyotgan yuzlab falastinliklarga nisbatan shovqinli granata, zaharli gaz, rezina o‘qlar bilan hujum qilgan.
Bosqin davomida 350 dan ziyod falastinlik hibsga olingan. Ibodatga kelgan o‘nlab kishi yaralangan.
Ketma-ket uchinchi bor Ramazon oyida muqaddas masjidga hujum uyushtirilgani musulmon dunyosi tomonidan keskin qoralanmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Isroil Sharqiy Quddusni 1967 yili olti kunlik urushdan keyin bosib olgan. Xalqaro hamjamiyat e’tirozlariga qaramay, Isroil ma’muriyati Quddus to‘lig‘icha o‘ziga tegishli ekani va yaxlit poytaxt ekanini da’vo qilmoqda. Falastinliklar esa Sharqiy Quddus mustaqil davlatning bo‘lg‘usi poytaxti bo‘lishiga umid qiladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter