Mahatma Gandining xoki o‘g‘irlab ketildi
Hindiston milliy-ozodlik harakati yetakchisi Mahatma Gandining xoki memorialdan o‘g‘irlab ketildi. Bu haqda «RIA Novosti» «India Today»ga asoslanib xabar berdi.
Mahatma Gandi 1948-yilning yanvarida o‘ldirilganidan so‘ng, uni jasadi krematsiyalangan (o‘tda kuydirilgan), xoki bir necha qismga bo‘lingan, shulardan biri Madxya-Pradesh shtatidagi memorialda saqlanayotgan edi.
Hodisa Gandining 150 yilligi nishonlangan kuni yuz berdi, buni «millat otasi» xotirasiga hurmat bajo keltirish uchun kelgan mahalliy kengash rahbari Gurmit Singh sezib qoldi. Kamiga noma’lum shaxslar memorialga kiraverishda «millat sotqini» degan yozuvni qoldirishgan.
«Aftidan, bu Gandining qotili — Natxuram Godze muxlislarining ishi. Bu nafratga darhol chek qo‘ymog‘imiz, politsiya aybdorlarni tezda aniqlab, tutish choralarini ko‘rishi darkor», — dedi Gurmit Singh.
Mohandas Karamchand (Mahatma) Gandi 78 yoshida (1948-yilning 30-yanvar kuni) radikal millatchi Natxuram Godze tomonidan o‘ldirilgan. U Gandini hindlarning manfaatlarini musulmon aholi foydasiga qurbon qilishda ayblagandi. Qotillikni amalga oshirgan Godzening o‘ziga ham o‘lim jazosi tayinlanib, hukm 1949-yilning noyabrida ijro etilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter