Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Mamlakatni 42 yildan buyon boshqarayotgan prezident koronavirusga qarshi emlandi

Mamlakatni 42 yildan buyon boshqarayotgan prezident koronavirusga qarshi emlandi

Teodoro Obiang Ngema.

Foto: AP

Ekvatorial Gvineyadagi hukmron Demokratik partiya ma’lum qilishicha, prezident Teodoro Obiang Ngema Mbasogo Xitoyning «Sinopharm» farmatsevtika kompaniyasida ishlab chiqarilgan preparat asosida emlashning birinchi bosqichidan o‘tdi va aholini o‘zidan o‘rnak olishga chaqirdi. «Chunki emlash koronavirus tufayli o‘limdan qochishning yagona ta’sirchan imkoniyatidir», deya ta’kidladi u.

Shu yilning 10 fevralida Xitoy hukumati ushbu mamlakat poytaxti Malaboga dori vositalari katta partiyasini yetkazib berganini ma’lum qilgan edi. Shu tariqa Ekvatorial Gvineya Xitoyda ishlab chiqarilgan vaksinani qabul qilgan qit’adagi ilk mamlakatga aylandi.

Xitoy tashqi siyosat mahkamasi rasmiy vakili Van Venbinning so‘zlariga ko‘ra, XXR raisi Si Szinpinning topshirig‘iga ko‘ra, rasmiy Pekin pandemiyaga qarshi kurash bo‘yicha Afrikani faol qo‘llab-quvvatlash majburiyatini bajarishga kirishgan.

Salkam sakson yoshga kirgan prezident mamlakatni 42 yildan buyon idora etib kelmoqda. 1991 yilda siyosiy partiyalar faoliyatiga ruxsat berilgan bo‘lsa-da, hanuzgacha hukmron demokratlar mamlakatning oliy davlat lavozimlarini egallab kelmoqda.

Davlat to‘ntarishi o‘tkazilgan kun butun mamlakatda keng bayram qilinadi, prezidentning suratlarini barcha joyda osib qo‘yishgan va haqiqiy shaxsga sig‘inish muhiti yaratilgan.

Xalqaro hamjamiyat bu davlatda so‘z erkinligi yo‘qligidan, siyosiy muxolifat qattiq tazyiq ostida ekanidan yozg‘irib keladi.

Yalpi ichki mahsulotning aholi jon boshiga ulushi bo‘yicha qit’ada yetakchi

1,3 million aholiga ega mamlakatda oltin, olmos, tantal, boksit va o‘rmon resurslari katta bo‘lsa-da, ular orasida neft asosiy o‘rinni egallaydi. Shu sababli 2017 yil 25 mayda OPEKning 14 a’zosi bo‘lib kirdi.

Aslida «Qora oltin»ni qazib olish 1990 yillardan boshlandi. Aniqlangan neft zaxiralari 1,1 milliard barrelga teng.

Ekvatorial Gvineya hozirda uni qazib olish hajmlari bo‘yicha (yiliga 15 million tonnagacha) qit’ada Angola va Nigeriyadan keyin uchinchi o‘rinda bormoqda va qazib olingan mahsulotning 99 foizi eksportga yo‘naltirilmoqda.

Yalpi ichki mahsulotning aholi jon boshiga ulushi 23 ming dollardan oshib, u butun qora qit’ada birinchi o‘rinni egallaydi. Erkaklarning 93 foizi, ayollarning 80 foizi savodli. Oylik ish haqlari o‘rtacha 1000 dollar atrofida. AQShdan bu yerga ishlashga kelgan muhandis o‘rtacha 12-13 ming dollar maosh oladi. 

Rasmiy tili ispan tili bo‘lgan Afrikadagi yagona mamlakatda shuncha iqtisodiy o‘zgarishlarga qaramay, aholining yarmi qashshoqlik chegarasida yashamoqda. Chunki boyliklar notekis taqsimlanib, ijtimoiy tabaqalanish kuchayib bormoqda. Oziq-ovqat mahsulotlari narxi qimmat. 20 foiz bolalar 5 yoshga to‘lmasdan vafot etmoqda.

Pandemiya va neft narxi tushishi iqtisodiyotga ikki tomonlama zarba berdi. O‘tgan yili hududiy suvlardagi neft va gaz infratuzilmalariga dengiz qaroqchilarining 4 bora hujumi katta zarar keldirdi. Hukumat ularga qarshi kurashda AQShdan yordam so‘ragan.

Uzoq qolish siri – fanglar

Davlatning birinchi rahbari Masias Ngema Biyogo o‘zini Xudo deb e’lon qilgan va aholini yalpi qirg‘in qilgan edi. Uning davrida 350 ming nufusning 50 minggi o‘ldirildi, 150 ming nafari qo‘shni davlatlarga qochib ketdi.

O‘z tog‘asini hokimiyatdan ag‘darib, shundan boshlab 42 yildan buyon mamlakatda hukmronlik qilayotgan Teodor Obianga Ngema Mbasogoning boshqaruv siri nimada? U 2016 yilda o‘tgan so‘nggi prezidentlik saylovlarida ham 93 foiz ovoz to‘plab, g‘alaba qozongani bejiz emas. 

To‘g‘ri, garchi harbiy bo‘lsa ham, boshqaruvining ilk yillarida u katta o‘zgarishlarni amalga oshirdi, mulkni xususiylashtirdi, majburiy boshlang‘ich ta’limni kiritdi.

Ammo eng asosiy sabab boshqa yerda. Aholisining 86 foizi fanglar qabilasi vakillaridir. Shu sababli etnik ziddiyatlar yo‘q. Mamlakat prezidenti avtomatik ravishda mazkur qabilaning bosh dohiysi sanaladi. Shu sababli bir qabila ichida yetakchiga qarshi hech qanday muxolifat bo‘lishi mumkin emas.

Boshqa qabila vakillari soni ancha kamligi sababli ular alohida hokimiyatga davogarlik qilishga hech qanday imkonlari yo‘q.

Qolaversa, 1991 yilda ochilgan neft konlari ortidan kelayotgan milliardlab dollarlar mamlakatda ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish imkonini berdi. Poytaxtda ko‘plab aholi uchun imtiyozli ijtimoiy turar joylar – bir qavatli, oldida kichik gulbog‘i uylar, kasalxonalar, maktablar, oliygohlar qurildi.

Biroq norozi qatlam ham doim tishini qayraydi. 2000 yilda uch bora, 2004, 2009 va 2017 yillarda davlat to‘ntarishlariga urunishlar bostirildi. Aybdorlar qattiq jazolandi.

«Forbs» jurnali amaldagi prezidentning boyligi 600 million dollarni tashkil qiladi. Yoshi o‘tib borayotganini anglagan prezident o‘z o‘rniga katta o‘g‘li Teodorina Ngema Obiangani tayyorlamoqda. Hashamatga uch va otasi davrida yallo qilishni yaxshi ko‘radigan bu o‘g‘il hozirda vitse-prezident lavozimini egallagan.

2016 yilda Shveysariya prokuraturasi unga nisbatan pul yuvish va davlat xazinasi pullarini talon-taroj qilish ayblovlari bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atgan edi. 2019 yil fevralda tergov harakatlari to‘xtatildi.

Parij sudi esa davlat pullarini o‘zlashtirish borasidagi firibgarliklari uchun uch yilga sirtdan ozodlikdan mahrum etish jazosi belgilangan va katta jarima solindi. AQShda ham unga nisbatan bir necha bor sud amaliyotlari bilan bog‘liq mojarolar ko‘tarilgan.

Shu tariqa Ekvatorial Gvineyaning garchi iqtisodiy vaziyatni Afrikadagi boshqa mamlakatlardan ancha yaxshi, barqarorlik ta’minlanib kelayotgan bo‘lsa ham, siyosiy kelajagiga tahlilchilar tomonidan shubha bilan qaraladi.

Gulruxsor Ravshanova,
xalqaro jurnalist

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring