Jallod diktator qismati: uning oldida Gitler ham «dam oladi»
Naq 40 yil avval shafqatsizlikda hatto Gitlerni ham dog‘da qoldirgan eng yoqimsiz afrikalik diktatorlardan biri ag‘darib tashlandi.
Xullas, 1979-yilning 3-avgust kuni Afrikadagi Ekvatorial Gvineyada davlat to‘ntarishi yuz berdi: Marokashdan kelgan 400 nafar yollanma kishi Fransisko Masias Ngemani prezidentlik kursisidan uloqtirib tashlashdi. «Shuyam axborotmi? Qarang-a, Afrikada navbatdagi prezidentni qulatishibdi. Axir ularda deyarli har hafta inqilob bo‘ladi-ku», — deyishingiz mumkin. Bu qisman to‘g‘ri, albatta — lekin gap boshqa masalada.
Bo‘laklangan vazirlar
Masias Ngema mittigina (300 ming aholi) respublikaga, 1968-yilda mustaqillikni qo‘lga kiritgach, hukmronlik qila boshlaydi — Ekvatorial Gvineya ispan koloniyasi bo‘lgan. 44 yoshli rahbar ishni ispan fermerlaridan barcha yeru chorvalarni musodara qilishdan boshlaydi: bu «oqilona» qarordan norozilar hech bir bahs-munozaralarsiz o‘lguncha do‘pposlangan. Milliy inqilobning bu tanlagan yo‘li fermerlar ta’biga to‘g‘ri kelmadi: 7 ming ispan fuqarosi zudlik bilan bor lash-lushini tashlab, hech nimasiz juftakni rostlashdi. Ispanlarning yonini olishga uringan ichki ishlar vaziri esa Masiasnikiga yakshanba kungi tushlikka taklif etiladi: uning avvaliga ikkala oyog‘ini sindirishib, turmaga tiqishadi, keyin esa o‘ldirib qo‘ya qolishadi. Bu ma’lumot bir zumda butun aholi orasida shov-shuvga sabab bo‘ladi. Endi ular — prezident asabiy odam, yakshanba kunlari, yaxshisi, uning jig‘iga tegmagan ma’qul, — degan fikrga kelishadi.
Biroq haftaning boshqa kunlari ham bundan mustasno emasdi. Keyinroq boshqa vazirlar (o‘n ikkitadan o‘n nafari) ham shu tariqa qatl etiladi — qo‘shoqning ketidan bo‘shoq bo‘lib. Bu Afrikaga xos eski an’ana — kimnidir qatl etish boshlansa, keyin to‘xtatish nihoyatda qiyin. Masalan, noxush raqamlarni (emishki, Ekvatorial Gvineyadan fuqarolarning qariyb yarmi qochib ketgan) ovoza qilgan statistika byurosi direktorini prezident Masias Ngema «sanashni o‘rganib olishi uchun» burda-burda qilib tashlashni buyuradi. Miyaga kelgan yana bir fikrdan so‘ng diktatorning barcha sobiq ayollarining erlari va jazmanlari yoppasiga qatl etiladi — uning o‘ylashicha, eks-xushtorlari umrining oxirigacha unga sodiq bo‘lib qolishi zarur. «Dilkash» odam, shundaymi? Nihoyat, prezident Milliy bank rahbarini otib tashlaydi, oltin va valyutalarni saqlash uchun o‘z uyiga olib keladi. «Shunday qilinsa, pul butun saqlanadi», — deya miyig‘ida kulib qo‘yadi jonkuyar Masias. Keyinroq o‘g‘rilardan xavotirlanib, dollarlarni bambukli o‘rmonga yashiradi, natijada «baks»ning yarmi chirib ketadi.
Ko‘zoynak taqish taqiqlanadi
Ko‘p o‘tmay Ekvatorial Gvineyani barcha ziyolilar tark etishadi va u yerda bor-yo‘g‘i 10 (o‘nta!) nafar oliy ma’lumotli kishi qoladi. 300 ming aholidan 125 ming nafari qochib ketgan bo‘lsa, yana 50 mingi qatl etiladi. Natijada mamlakatning xorijga olib chiqadigan asosiy yo‘li minalab tashlanadi: bunday ajoyib o‘lkani hech kim tashlab ketmasligi uchun barcha baliqchi qayiqlar yo‘q qilinadi.
Masias Ngema mehnatkashlarning Yagona milliy partiyasiga asos soladi va unga mamlakatning 14 yoshdan katta barcha fuqarolarini majburlab a’zo qiladi. Bosh tortganlarning boshini tanasidan judo qildiradi. Maoshni faqat armiya va politsiya olgan — vazirlar binosi huvillab qolgan, hammayoqni chirmoviqlar bosib ketgan: u yerda ishlaydigan odamning o‘zi qolmagandi. Birinchidan, «aqllilar» hisobga olingan va qatl etilgan, ikkinchidan, baribir oylik to‘lashmaydi. Oziq-ovqat mahsulotlariga turnaqator navbatlar yuzaga keldi, kvartiralarda elektr bo‘lmagan. «Bu la’nati mustamlakachilar qoldirgan meros, — deb xalqqa tushuntirardi Ngema. — Hechqisi yo‘q, biror kunimizni ko‘ramiz!». Unga hamisha yaxshilikni bilmaydigan xalq bunday ajoyib rahnamoni yetarlicha sevmagandek tuyulaveradi. Shu bois Ngema ruhoniylarga ibodatlarda «Xudo Masias sharofati bilan Ekvatorial Gvineyani yaratgan»ini eslatib turishni buyuradi, biroq keyin tushunarliroq bo‘lishi uchun shiorni o‘zgartiradi — «Masiasdan boshqa xudo yo‘q». Oxir-oqibat, katolik ibodatxonalari yopilib, o‘rnida omborxonalar tashkil etiladi.
Fransisko Masias Ngema yomon o‘qigan — o‘z vaqtida u faqat to‘rtinchi urinishdagina katta mashaqqat bilan mustamlakachilar ma’muriyati xodimligiga imtihondan o‘tadi. Aql-idrokli kishilar uni jig‘ibiyron qilardi — shu bois «inqilob yo‘lboshchisi» mamlakatda hammaga ko‘zoynak taqishni va «intellektual» so‘zini ishlatishni taqiqlab qo‘ydi. «Garchi men o‘zim xalqdan chiqqan bo‘lsam ham, ahmoq emasman, — deydi Masias qoshini chimirib. — Ular esa ishlayotganlarni masxara qilish uchun ko‘zoynak taqishadi». Rojdestvoda u o‘zi uchun sovg‘a-salomlar uyushtirardi — Santa-Klaus kiyimidagi harbiylar kuy-qo‘shiqlar sadolari ostida yuztalab muxolifatchilarni otib tashlardi. Oxir-oqibat, bunday tomoshalar hatto Masias safdoshlarining ham joniga tegadi...
1979-yil 3-avgust. Shu kuni prezidentning jiyani podpolkovnik Teodoro Obiang marokashliklar yordamida qayta qurishni amalga oshiradi va amakisini ag‘darib tashlaydi. Masias ikki chamadon «baks» bilan qochib qolishga ulguradi, lekin ikki hafta o‘tar-o‘tmas uni qo‘lga olishadi. Sudda sobiq prezident «hasrati» tinglanadi: hammasiga bolalikdagi jarohatlar sababchi emish. Uning aytishicha, otasini ispan mustamlakachisi o‘la-o‘lguncha kaltaklagan, onasi esa ko‘p o‘tmay o‘zini osib qo‘ygan. Shuning uchun ham hammani qatl etgan. Aslida esa u odamlar va jonivorlarni yoqtirarmish. Shunga ko‘ra uning uyga ketishiga ruxsat berishini, hali chirishga ulgurmagan dollar qoldiqlarini sarflashini so‘raydi.
«Men sizlarni deb go‘rdan chiqib kelaman»
«Inqilob yo‘lboshchisi»ning o‘limga hukm etilishi kundek ravshan edi. Faqat mamlakatdagi harbiylarning hech biri diktatorni otishni xohlamasligi oydinlashadi. Axir u qadimgi jodugarlar urug‘idan bo‘lmish o‘rmon tabibining o‘g‘li edi-da! Kamiga Masias soqchiga tunda go‘rdan chiqib kelib, ularning jigarini yeb ketishini qat’iy ta’kidlaydi. Otishni xohlovchilar soni yanada kamayadi. Shunchalik ham ahmoqlik bo‘ladimi, deyishingiz mumkin: lekin buni Afrika deyishadi, u yerda qora joduga ishonishadi. Biroq jiyan uddaburonroq chiqdi. Yana marokashliklarni chaqirdi — ularga yalmog‘iz kampirlar ham, tirik murdalar ham bir pul. Gonorarni qo‘lga kiritgach, marokashliklar Fransisko Masiasa Ngemani devorga tirab qo‘yishdi. U esa miltiqlar qarshisida fotomodel kabi savlat to‘kib turdi: iljaydi, aftidan, rostdan ham qayta tirilishiga ishongan ko‘rinadi. Biroq 40 ta o‘q tegib yiqildi va qayta tirilmadi.
Mana shunaqa. Olis Afrikadagi mitti mamlakat, ma’muriyatning ozgina maosh oladigan oddiy amaldori birdan maxluqqa aylanadi — uning oldida Gitler ham ip esholmaydi hatto.
Jiyan
Lekin eng qizig‘i, amakisini kursidan ag‘dargan o‘sha jiyan Ekvatorial Gvineyani 38 yildan beri boshqarib kelmoqda. U, albatta, Masias bilan taqqoslaganda anchayin kamsuqum — ko‘zoynak taqishga ruxsat berdi, yo‘llarni minadan tozaladi, faqat u ham vaqti-vaqti bilan qatl uyushtirib turibdi, lekin bu Afrika uchun odatiy hol. Yaqinda radioda xabar qilishlaricha, prezident Teodoro Obiang Ngema Mbasogo «nafaqat odamlar, balki buyumlar ustidan ham hukmronlik qilayotganmish».
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter