«Kolumbda bor alamim manim!» Amerikani ochgan mashhur sayyohning 30 dan ziyod haykali yakson qilindi
AQShda so‘nggi bir necha oy davomida Xristofor Kolumbning 33 haykali olib tashlandi. Qora tanli aholi huquqlarini himoya qiluvchi Black Lives Matter harakatiga ko‘ra, Xristofor Kolumb tomonidan Amerika qit’asining kashf etilishi mustamlakachilik, genotsid, quldorlik va irqiy zulm avj olishiga sabab bo‘lgan.
Joriy yil 25-may kuni Minneapolis shahrida qora tanli Jorj Floyd politsiya tomonidan kuch ishlatishi oqibatida vafot etgach, Qo‘shma Shtatlar bo‘ylab ommaviy norozilik namoyishlari avj oldi.
Black Lives Matter harakati tarixiy yodgorliklarga qarshi kurash boshladi. Namoyishlar davomida 1492-yili yangi dunyo — Amerikani kashf etgan mashhur sayyoh Xristofor Kolumb sharafiga barpo etilgan yodgorliklar eng ko‘p jabr ko‘rdi. Kolumbning Boston, Mayami shaharlari hamda Virjiniya shtatidagi haykallari namoyishchilar tomonidan yakson qilindi. O‘rta asrlar dengiz sayyohining Brijport, Pittsburg, San-Fransisko, Chikago, Hartford kabi shaharlardagi haykallari esa mazkur shaharlar ma’muriyati qarori bilan olib tashlandi.
Aksilhukumat chiqishlari davomida AQShdagi fuqarolik urushi ishtirokchilari – quldorlik tarafdori bo‘lgan tarixiy shaxslarga qo‘yilgan o‘nlab haykallar ham yo‘q qilindi.
Xristofor Kolumbning ilmiy ekspeditsiyalari turlicha baholanadi. Ayrim tadqiqotchilar buyuk sayyoh boshlab bergan harakat keyinroq yangi qit’aning kashf etilishi, xalqaro robitalarning kengayishi va olamshumul taraqqiyotga sabab bo‘lgan deb hisoblaydi. Ikkinchi guruh tadqiqotchilar esa yangi qit’aning kashf etilishi jahon tarixidagi ulkan qirg‘in va qatliomga olib kelganiga e’tibor qaratadi. Manbalarga ko‘ra, Yevropa mustamlakachiligi davrida 1492-1600-yillarda Amerikada 55 mln kishi qirib tashlangan.
Qo‘shma Shtatlarda Xristofor Kolumb haykallarining olib tashlanishi prezident Donald Tramp tomonidan salbiy baholandi. Vashingtonda Heritage jamg‘armasida chiqish qilgan Tramp yodgorliklarni buzmaslikka chaqirdi.
«Ular Xristofor Kolumb haykallarini yakson qilishga urinmoqdalar. Xo‘sh, keyin nima bo‘ladi? Buni to‘xtatish kerak, bu (bizning) meros», — dedi AQSh prezidenti.
Tramp amerikaliklarni mamlakat tarixini yo‘q qilish o‘rniga saqlab qolishga chaqirgan.
Irqchilikka qarshi harakat nafaqat Qo‘shma Shtatlar, Yevropa hamda Kanadaga ham yoyildi. Masalan, Buyuk Britaniyada taniqli davlat arbobi Uinston Cherchilning haykaliga «irqchi» degan ayblov yozib ketildi. Ikkinchi jahon urushi davrida, mushkul yillarda ingliz hukumatiga boshqargan arbob ham irqchilikda ayblandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter