«Kim millioner bo‘lishni istaydi?»: g‘olib 14 yilda aniqlandi
«Kim millioner bo‘lishni istaydi?» teleshousining britancha talqinida 14 yil deganda bosh sovrin — 1 million funt sterling egasi aniqlandi, deb yozmoqda «The Sun».
Qatnashchi 15 ta savolning barchasiga to‘g‘ri javob topib, shouning 22 yillik tarixidagi atigi oltinchi g‘olibga aylandi. Taniqli boshlovchi (uni «Top Gear» orqali yaxshi taniymiz) Jeremi Klarkson davrida esa (2018-yildan beri) bu birinchisi.
«Siz hozirgina million funt yutdingiz» degan o‘lmas so‘zlarni aytish menga hech qachon nasib qilmasa kerak deb o‘ylardim. Biroz hayajonli, ammo juda ajoyib lahzalar», — dedi Klarkson o‘yinga izoh berarkan.
G‘olibning shaxsi keyingi oyda namoyish etiladigan navbatdagi shouga qadar sir tutilmoqda. Boshlovchi esa bungacha sabri chidamay ketayotganini aytgan. Jeremi Klarksonning nazarida «shu paytgacha o‘tkazilgan shoularning eng zo‘ri bu».
Teleshouning ilk g‘olibi va millioneri 2000-yilda Judit Keppel bo‘lgandi. 2001-yilda fizika fani o‘qituvchisi Devid Edvards bosh sovrinni yutgan. O‘sha yili Robert Bridjes ham millionerga aylangan. So‘ngra millionlarni yutish qiyinlashib ketdi: 2004-yilda — Pet Gibson, 2006-yilda — Ingrem Uilkoks. Keyingi millioner chiqishi uchun esa oradan naq 14 yil o‘tdi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter