Kim Chen In mintaqa va dunyodagi tinchlikni qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qildi
KXDR rahbari Kim Chen In XXR raisi Si Szinpin bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda mintaqadagi va dunyodagi tinchlikni saqlashga hissa qo‘shishga tayyorligini ma’lum qildi. Bu haqda «RIA Novosti» «Sinxua» agentligiga tayanib xabar bermoqda.
19-iyun kuni Kim Chen In ayoli hamrohligida ikki kunlik tashrif bilan Pekinga keldi. Uchrashuv 20-iyun kuni Pekin g‘arbidagi Dyaoyutay qarorgohida bo‘lib o‘tdi.
«Men janob rais bilan hamkorlikda KXDR va XXR o‘rtasidagi munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqishga tayyorman. Shuningdek, mintaqadagi va dunyodagi tinchlikni saqlashda muhim rol o‘ynashga harakat qilaman», — deya uning so‘zlaridan iqtibos keltiradi agentlik.
Eslatib o‘tamiz, oxirgi bir necha oyda KXDR rahbari bir necha bor Xitoyga keldi. O‘tgan galgi safarlar haqida rasmiy Pekin u jo‘nab ketganidan keyin ma’lumot bergan edi. Shu yilning 25 — 28-mart kunlari KXDR rahbari turmush o‘rtog‘i bilan Xitoyga norasmiy tashrif bilan kelgan edi. Bu uning hokimiyatga kelganidan buyon (2011-yil) birinchi xorijiy safari edi. Ikkinchi tashrif va muzokaralar 7 — 8-may kunlari Dalyan shahrida bo‘lib o‘tdi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter