Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Istanbul: tarixiy voqeaga uch yil to‘ldi

Istanbul: tarixiy voqeaga uch yil to‘ldi

24 iyul kuni Istanbul ramzlaridan biri Ayo Sofiya jome’ masjidi qayta ochilganiga uch yil to‘ldi. Turkiya din ishlari boshqarmasi rahbari Ali Erboshning ma’lum qilishicha, o‘tgan vaqt mobaynida jome’ga 21 milliondan ziyod odam kelgan. 

«Ayo Sofiya – Istanbul fathining yorqin timsoli, Muhammad Fotihning bizga qoldirgan omonati. Afsuski, 86 yil davomida Ayo Sofiyada ibodat qilish imkoni bo‘lmadi. Yoshi ulug‘larimiz bu yerda namoz o‘qish orzusiga yetisha olmay oxirat diyoriga safar qilib ketdilar», – deya masjidning qayta ochilishi tarixiy hodisa bo‘lganini urg‘uladi Ali Erbosh.

Eslatib o‘tamiz, 2020 yilning 24 iyulida ko‘hna Ayo Sofiya obidasida 86 yillik tanaffusdan keyin ilk juma namozi ado etilgan. Unda mamlakat prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on hamda hukumat arboblari ishtirok etgan.

2022 yil 1 aprel tunida esa ushbu masjidda 88 yillik tanaffusdan keyin ilk bor taroveh namozi ado etilgan.

Ko‘hna obida Istanbulning Sulton Ahmad mavzesida, Bosfor sohilida qad rostlagan. Ibodatxona haqidagi ilk ma’lumotlar milodning 300-yillariga borib taqaladi. Ammo yong‘inlar tufayli nasroniy cherkovi vayron bo‘lgan. Vizantiya imperatori Yustinian 537 yilda vayrona o‘rnida ulkan ibodatxona barpo etgan. Solnomalarga ko‘ra, qurilishga Vizantiya imperiyasining 3 yillik boj-xiroji sarflangan.

1453 yilda Istanbul shahri sulton Muhammad Fotih tomonidan fath etilgach, ibodatxona masjidga aylantirilgan. Usmoniylar davrida Ayo Sofiya tegrasida minoralar barpo etilgan. Shu tariqa ko‘hna obida 500 yil davomida musulmonlar xizmatida bo‘ldi. 1935 yilda zamonaviy Turkiya yetakchisi Mustafo Kamol Otaturk masjidni muzeyga aylantirgan.

1985 yili tarixiy obida YuNESKO tomonidan umumjahon yodgorligi deya e’tirof etilgan.

Mahkamaning yakuniy xulosasi ortidan 2020 yil 10 iyul kuni obidaga tarixiy maqomi qaytarilgan: Ayo Sofiya yana sajdagoh o‘laroq musulmonlarga o‘z darvozalarini ochgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring