Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Istanbul: 88 yillik ayriliqdan so‘ng...

Istanbul: 88 yillik ayriliqdan so‘ng...

1-aprel tunida Istanbul ramzi sanalgan ko‘hna Ayo Sofiya jome’ masjidida taroveh namozi ado etildi. 88 yillik tanaffusdan keyin ilk bor o‘qilgan tarovehda mamlakat parlamenti raisi Mustafo Shentop, Istanbul gubernatori Ali Yerlikaya va boshqa mas’ullar ham ishtirok etdi.

Katta jamoat shom namozidan keyinoq masjidni to‘ldirdi. Xonaqohga kira olmagan musulmonlar esa namozni Sulton Ahmad maydonida o‘qidi. 

Ramazon ibodatiga Din ishlari boshqarmasi rahbari Ali Erboshning o‘zi imomlik qildi.

«Robbimizga har qancha hamd aytsak kam. 88 yillik ayriliqdan keyin Ayo Sofiya jome’sida yana taroveh ado etilmoqda. Ikki yil davomida jome’larimizda taroveh namozini o‘qiy olmay, qalbimiz sog‘inchu armonga to‘la edi. Beadad shukr, Robbimiz bizni yana Ramazonga yetkazdi», – dedi Din ishlari boshqarmasi rahbari.

Eslatib o‘tamiz, 2020-yil 24-iyul kuni Ayo Sofiya obidasida 86 yillik tanaffusdan keyin ilk juma namozi ado etilgan va unda mamlakat prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on ham ishtirok etgan edi.

Ko‘hna obida Istanbulning Sulton Ahmad mavzesida, Bosfor sohilida qad rostlagan. Ibodatxona haqidagi ilk ma’lumotlar milodning 300-yillariga borib taqaladi. Ammo yong‘inlar tufayli nasroniy cherkovi vayron bo‘lgan. Vizantiya imperatori Yustinian 537 yilda vayrona o‘rnida ulkan ibodatxona barpo etgan. Solnomalarga ko‘ra, qurilishga Vizantiya imperiyasining 3 yillik boj-xiroji sarflangan.

1453-yilda Istanbul shahri sulton Muhammad Fotih tomonidan fath etilgach, ibodatxona masjidga aylantirilgan. Usmoniylar davrida Ayo Sofiya tegrasida minoralar barpo etilgan. Shu tariqa ko‘hna obida 500 yil davomida musulmonlar xizmatida bo‘ldi. 1935-yilda zamonaviy Turkiya yetakchisi Mustafo Kamol Otaturk masjidni muzeyga aylantirdi.

1985-yili tarixiy obida YuNESKO tomonidan umumjahon yodgorligi deya e’tirof etildi.

Mahkamaning yakuniy xulosasi ortidan 2020 yil 10 iyul kuni obidaga tarixiy maqomi qaytarildi: Ayo Sofiya yana sajdagoh o‘laroq musulmonlarga o‘z darvozalarini ochdi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring