Isroil va HAMAS haqida kutilmagan bayonot berildi
Isroil G‘azo sektorini nazorat qiluvchi Falastinning HAMAS harakatini moliyalashtirib, G‘arbiy Sohilda Falastin ma’muriyatini zaiflashtirdi, dedi Yevropa Ittifoqi bosh diplomati Jozep Borrel.
U Isroil Yaqin Sharqda ikki davlat – yahudiy va arab davlatlarining tashkil etilishiga qarshi ekanini qayd etdi.
«Men Isroil bu qarorni rad etib, HAMASni yaratishgacha borganini ta’kidlayman. Ha, Isroil hukumati Fath yetakchiligidagi Falastin ma’muriyatini zaiflashtirish maqsadida HAMASni moliyalashtirdi», dedi Borrel.
Dekabr oyida The New York Times (NYT) gazetasi Qatar yillar davomida HAMASni moliyalashtirgani, Isroil esa to‘lovlarga qarshi chiqmagani va hatto ularni qo‘llab-quvvatlagani haqida xabar bergan edi. Netanyaxu o‘z intervyusida bu ayblovlarni rad etgandi.
Eslatib o‘tamiz, Isroil va HAMAS o‘rtasidagi urush 7 oktyabrdan beri davom etmoqda. Avvalroq 7 oktyabrdan buyon kamida 23469 nafar falastinlik o‘ldirilgani, 60 mingga yaqin kishi jarohatlangani aytilgandi.
Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu 17 yanvar kuni urush 2025 yilgacha davom etishini kutayotganini aytdi. U bir necha bor Falastin davlatini yaratish g‘oyasiga qarshi chiqqan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter