Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Isroil BMT tinchlikparvar kuchlariga hujum qildi

Isroil BMT tinchlikparvar kuchlariga hujum qildi

Isroil harbiylari BMTning Livandagi muvaqqat tinchlikparvar kuchlari (UNIFIL) qarorgohiga bostirib kirdi. «Merkava» tanklari qarorgoh darvozasini yakson qilgan.

BMT tinchlikparvarlari Isroil harbiylarining bazaga kirishi xalqaro huquqqa zid ekani va ularning hayotini xavfga qo‘yishini aytgach, tanklar qarorgohni tark etgan.

Bu orada post yaqinida otishma ro‘y bergan va hududni quyuq tutun qoplagan. Hodisa oqibatida 15 nafar tinchlikparvar askarda teri kuyishi va oshqozon xastaligi qayd etilgan. Kuzatuvchilar hududda kimyoviy qurol ishlatilganini aytmoqda.

Bu ayni paytda Livan hududi bo‘ylab havo va quruqlik orqali hujumlar uyushtirayotgan Isroil armiyasining BMT tinchlikparvar kuchlariga ilk hamlasi emas.

Avvalroq Isroil hujumlari oqibatida BMT mandati ostidagi askarlar jarohatlangani xabar qilingandi.

BMT tinchlikparvar kuchlari rahbari Jan-Per Lakrua Xavfsizlik Kengashiga askarlar hayoti xavf ostida ekanini ma’lum qilgan.

Isroil Livanda harbiy amaliyotlarni kuchaytirgan 23 sentyabrdan buyon xalqaro tinchlikparvar kontingent tezkor faoliyatini to‘xtatib, bazalarda qolmoqda.

Qo‘riqchi minoralar, kameralar, aloqa vositalari va yoritish moslamalariga uyushtirilgan hujum tufayli tinchlikparvarlar o‘z majburiyatini bajara olmay qolgan.

Isroilni dastaklab kelayotgan Italiya bosh vaziri Jorjiya Meloni ham yakshanba kuni hamkasbi Binyamin Netanyahu bilan telefon orqali suhbatda yahudiy armiyasining hujumlarini qoralagan.

Yevropa Ittifoqi ham Isroil armiyasining BMT kontingentiga hujumini keskin tanqid qilgan va holat yuzasidan tushuntirish talab qilgan.

Isroil BMTdan tinchlikparvar kontingentni Livan chegarasidan 5 km ichkariroq olishni so‘ragan. Xalqaro tuzilma buni rad etgan. 

Tel-Aviv «Hizbulloh» harakati o‘z jangchilarini BMT kontingenti yaqinida joylashtirmoqda deb hisoblaydi. «Hizbulloh» harakati buni inkor qilgan.

BMTning Livandagi muvaqqat tinchlikparvar kuchlari 1978 yili mamlakatning janubiy qismini kuzatish, monitoring qilish uchun ta’sis etilgan.

Tahlilchilar 10 ming kishilik kontingent o‘z vazifasini to‘laqonli bajara olayotganiga shubha bildirib keladi. Isroil 1982 yili Livan janubiga bostirib kirgan va 2000 yilgacha uni ishg‘ol ostida saqlagan. 2006  yilda ham «Hizbulloh»ga qarshi keng ko‘lamli urush olib borgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring