Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Isroil agressiyasi oqibatlari shu qadar kattaki!..» – BMT

«Isroil agressiyasi oqibatlari shu qadar kattaki!..» – BMT

G‘azo sektorida Isroil hujumi oqibatida gumanitar tashkilotlarning 196 nafar xodimi halok bo‘ldi.

Foto: Reuters

BMTning Falastin bo‘yicha maxsus vakili Francheska Albaneze G‘azo sektorida minglab odamlar o‘limi, vayronagarchilik va gumanitar halokatni keltirib chiqargani sabab Isroilni keskin tanqid qildi.

Unga ko‘ra, Isroil agressiyasining oqibatlari shu qadar kattaki, uni G‘azoning kelajak aholisi ham o‘z tanasida his etadi.

BMT mulozimi Isroilga qurol-aslaha yetkazishga cheklov qo‘yish, Tel-Avivga qarshi iqtisodiy, siyosiy va diplomatik sanksiyalar joriy etishni talab qilgan.

Isroil armiyasi 2023 yil 7 oktyabr kuni HAMASning hujumiga javoban G‘azo sektoriga bostirib kirganidan buyon 32975 nafar falastinlik halok bo‘ldi, 75577 nafari jarohatlandi. Halok bo‘lganlarning katta qismi bolalar va ayollardir. Birgina Ramazon oyida qariyb 5000 nafar tinch aholi vakili o‘ldirildi.

Olti oydan buyon davom etayotgan urushda Isroil armiyasi bombardimonlari oqibatida 140 nafar jurnalist, 196 nafar xalqaro gumanitar tashkilotlar xodimi halok bo‘ldi.

Ayni paytda G‘azo sektorining 2,3 million aholisi hayotiga ochlik, tashnalik va yuqumli xastaliklar xavf solmoqda.

Mintaqada qirg‘in va ocharlik avj olgan bir paytda Isroilga qarshi jazo choralari qo‘llash talabi tobora balandroq ovozda yangramoqda.

Rossiyaning BMTdagi doimiy vakili Vasiliy Nebenzya G‘azoga oziq-ovqat va boshqa birlamchi mahsulotlar yetkazishga to‘sqinlik qilayotgani sabab BMT Xavfsizlik kengashini Isroilga qarshi sanksiyalar qo‘llashga chaqirdi.

Ispaniya ijtimoiy siyosat vaziri Ione Belarra ham G‘azoda amalga oshirilayotgan qatliom uchun Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahuni Xalqaro jinoiy sudga tortish, ushbu mamlakatga qarshi xuddi Rossiyaga nisbatan joriy etilgani kabi moliyaviy sanksiyalar kiritishni talab qildi. Ayni choqda, u xalqaro gumanitar huquqqa zid harakatlariga javoban Isroil bilan diplomatik aloqalarni uzishni tavsiya etdi.

Oxfam hamda Human Rights Watch inson huquqlari tashkilotlari AQSh rahbariyatini Isroilga qurol-aslaha yetkazishni to‘xtatishga undadi.

Buyuk Britaniya hukumatiga ham ajal qurollarini sotishni to‘xtatish talabi qo‘yildi.

«The Washington Post» gazetasi xabariga ko‘ra, xalqaro jamoatchilik e’tiroziga qaramay, AQSh Isroilni imi-jimida qurollantirishni davom ettirmoqda. Oq uy bir necha kun avval Isroilga bir necha milliardlik qurol-aslaha va texnika yetkazish bo‘yicha navbatdagi bitimni ma’qulladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring