Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ispaniya vaziri Isroil va Netanyaxuga jiddiy ayblarni qo‘ydi (video)

Ispaniya vaziri Isroil va Netanyaxuga jiddiy ayblarni qo‘ydi (video)

Ione Belarra

Ispaniya ijtimoiy siyosat vaziri vazifasini bajaruvchi Ione Belarraning aytishicha, Isroil G‘azo sektorida «rejalashtirilgan genotsidni amalga oshirmoqda».

Uning so‘zlariga ko‘ra, Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu urush jinoyatlarini sodir etgani uchun Xalqaro jinoiy sud (Gaaga) oldida javob berishi kerak.

Belarra o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida e’lon qilgan videomurojaatida «AQSh va Yevropa Ittifoqini Isroilning jinoyatlariga sheriklikda» aybladi.

Siyosatchining ta’kidlashicha, u Falastindan kelayotgan kadrlarni ko‘zlarida yosh bilan tomosha qiladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Isroil tinch aholi yashaydigan hududlarni bombardimon qilgani va tinch aholini jamoaviy jazolagani orqali xalqaro huquqni buzgan.

Belarra, «AQSh va Yevropa Ittifoqi nafaqat bunga ko‘z yumibgina qolmay, balki Isroil davlatini inson huquqlarini buzuvchi aparteid va ishg‘ol siyosatida qo‘llab-quvvatlashini» qo‘shimcha qildi.

Hamasning Isroil fuqarolariga qarshi hujumlari Isroil tomonidan sodir etilgan jinoyatlarni oqlay olmasligiga diqqat qaratgan Belarra, Ispaniya va butun Yevropa xalqini Isroilga qarshi norozilik bildirish uchun ko‘chaga chiqishga chaqirdi.

BMT ham Isroilning G‘azoni blokada qilish qarorini qoralab, bunday choralar tinch aholining qurbon bo‘lishiga olib keladigan «jamoa jazosi» ekanligini aytdi. BMT hisob-kitoblariga ko‘ra, agar tez orada yordam yetkazib berish uchun xavfsiz yo‘laklar ochilmasa, G‘azo sektori gumanitar falokatga yuz tutadi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring