Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Islohotchi, professor, so‘qqabosh ota. Eronning yangi prezidenti tarjimai holiga nazar

Islohotchi, professor, so‘qqabosh ota. Eronning yangi prezidenti tarjimai holiga nazar

5-iyul kun Eronda bo‘lib o‘tgan prezident saylovining ikkinchi turida asli kardiojarroh bo‘lmish Mas’ud Pezeshkiyon 16,4 million ovoz to‘plab g‘alaba qozondi. Uning raqibi – muhofazakor siyosatchi Said Jaliliy esa 13,5 million ovozga qanoat qildi.

Eron davlat axborot agentligi (IRNA) Pezeshkiyonning g‘alabasini tasdiqladi. Demak, bir necha oydan keyin yetmish yoshni qarshilaydigan Mas’ud Pezeshkiyon – Eronning to‘qqizinchi prezidenti!

Mas’ud Pezeshkiyon 1954-yil 29-sentyabrda Eronning G‘arbiy Ozarbayjon viloyati Mahobod shahrida etnik ozarbayjonlar oilasida dunyoga kelgan. 1973-yili Urmiya qishloq xo‘jaligi akademiyasini oziq-ovqat sanoati yo‘nalishida tugatgan. 1975-yili tabiiy fanlar yo‘nalishida yana bir diplom olgan. Eron tibbiyot fanlar universitetini jarrohlik yo‘nalishida tamomlagan. Jarrohlik yo‘nalishida fan doktori, professor kabi ilmiy daraja hamda unvonga ega.

Uzoq yillar tibbiyot yo‘nalishida oliy o‘quv muassasalarida dars bergan. 1993-1999 yillarda Tabriz tibbiyot fanlari universiteti rektori, 2000-2005 yillarda Eron sog‘liqni saqlash vaziri lavozimlarida faoliyat yuritgan. 2006-yildan parlament deputati sifatida Tabriz, Osku va Azarshahr saylov okrugini tamsil etgan. 2016-2020 yillarda parlament raisining birinchi o‘rinbosari.

2013 va 2021-yillardagi prezidentlik saylovida nomzod sifatida ro‘yxatdan o‘tgan. Birinchi gal o‘z nomzodini qaytarib olgan bo‘lsa, keyingisida mas’ul idoralar tomonidan saylovga qo‘yilmagan.

BBC nashriga ko‘ra, Mas’ud Pezeshkiyon saylovoldi kampaniyasi davrida Eronning tashqi dunyodan ihotalanish davriga chek qo‘yishga va’da bergan. Bundan tashqari, u G‘arb bilan 2015 yilgi yadro kelishuvini qayta tiklash bo‘yicha konstruktiv muzokaralar o‘tkazishga chaqirgan.

DW ta’kidicha, yangi prezident Eronni yanada ochiq davlatga aylantirmoqchi va fuqarolar erkinligini kengaytirmoqchi. 

«Mas’ud Pezeshkiyon o‘zini shartli islohotchi sifatida namoyon etadi. Butun siyosiy karerasi davomida turli siyosiy guruhlarni birlikka chaqirib kelgan... Mas’ud Pezeshkiyon Eron tashqi siyosati ko‘p vektorli bo‘lishi, sanksiyalar bekor bo‘lishi kerak deb hisoblaydi. U Eron taqdiri va istiqboli mamlakatning izolyasiyadan chiqishiga bog‘liq ekaniga ishonadi. G‘arb bilan aloqalarni yo‘lga qo‘yish va AQSh bilan ziddiyatlarni kamaytirish tarafdori», – deb yozadi Rossiya axborot agentligi.

Ayni choqda, ayrim ekspertlar Eronda prezident ikkinchi lavozim ekani, muhim masalalarda so‘nggi so‘zni Oliy diniy rahbar aytishi, binobarin, yangi prezident davrida ham katta siyosatda u qadar jiddiy o‘zgarish bo‘lmasligini taxmin qilmoqda.

«Islohotchi Mas’ud Pezeshkiyon Eronning ittifoqchilari safi kengayishi, ona tilida ta’lim olish borasida milliy ozchiliklar, xususan, ozarbayjon turklariga ko‘proq erkinlik berish kerak deb hisoblaydi. Sunniylarning diskriminatsiyasini nomaqbul deb biladi», – deb yozadi TRT.

«Pezeshkiyon konservativ ma’muriyatdan uzoq nomzod hisoblanadi. U G‘arb bilan munosabatni yaxshilash, urush ritorikasidan qochish, mamlakat ichida liberallashuvni davom ettirish tarafdori. Ba’zilar unda Rafsanjoniyning davomchisini ko‘rmoqda», – deydi o‘zbekistonlik tahlilchi Eldor Asanov.

«Eronning saylangan prezidenti, mo‘’tadil Mas’ud Pezeshkiyon ijtimoiy erkinliklarga nisbatan kamroq cheklovlar va yanada pragmatik tashqi siyosatga intilayotgan millionlab eronliklarning umidini oqlashi mumkin», – deb yozdi Telegramdagi «Sharqshunos tahlilchilar» kanali.

Ushbu kanalga ko‘ra, Eronning yangi prezidenti fors tili bilan birga ozarbayjon va kurd tillarini yaxshi biladi. Qur’on o‘qituvchisi va shia musulmonlari uchun asosiy matn bo‘lgan «Nahj al-balag‘ah» (Notiqlik yo‘li) qorisi hamdir.

Pezeshkiyonning shaxsiy hayotiga doir yana bir ma’lumot. 1993 yili ro‘y bergan avtoavariyada uning rafiqasi va bir farzandi halok bo‘ladi. Shundan keyin u so‘qqabosh hayot kechirishni afzal ko‘rgan va yolg‘iz holda ikki o‘g‘il va bir qizni tarbiyalab kamolga yetkazgan.  

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring