Indoneziyada yo‘tal siropidan 200 nafar bola halok bo‘ldi. Hodisa yuzasidan sud boshlandi
Kecha, 17 yanvar kuni Indoneziyada o‘tgan yili yo‘tal siropini iste’mol qilish ortidan yuzaga kelgan o‘tkir buyrak yetishmovchiligidan vafot etgan bolalar yuzasidan sud jarayoni boshlandi. Bu haqda Reuters ma’lum qildi.
Seshanba kuni davlat idoralari va farmatsevtika kompaniyalariga qarshi jamoaviy da’voni ko‘rib chiqa boshlagach, sirop iste’mol qilish ortidan vafot etgan indoneziyalik bolalarning oilalari zararni qoplashni talab qilishdi.
Rasmiylar parasetamol asosidagi sirop tarkibida aniqlangan ikki xavfli tarkibiy qism: etilen glikol va dietilen glikol o‘limga sabab bo‘lganini ma’lum qildi.
Indoneziyada bolalarning preparat qabul qilishi ortidan o‘lgani sababli yigirma beshta oila hozirda sog‘liqni saqlash va moliya vazirliklari, mamlakatning dori vositalarini tartibga soluvchi organi va kamida sakkizta farmatsevtika kompaniyasini sudga bergan. Bu oilalardan biri suddan 3,4 milliard rupiya (224 570 dollar) miqdorida tovon puli talab qilmoqda.
Indoneziya hukumati bir qator yo‘tal siroplari iste’molini taqiqlab qo‘ygan va xavfli tarkibiy qismlar borligi aytilgan bir qancha farmatsevtika kompaniyalariga qarshi sudga da’vo arizasi bergan.
Ma’lumot uchun, 2022 yilda Indoneziyada 200 ga yaqin bola sirop iste’mol qilib vafot etgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter