Ilon Maskdan rus-ukrain urushiga «tinchlik rejasi». U yadroviy urushni ham istisno qilmayapti
Dunyoning eng boy odami, Tesla va SpaceX asoschisi Ilon Mask tvitterda Ukrainadagi mojaroning mumkin bo‘lgan, ammo ehtimoldan yiroq bo‘lmagan oqibatlaridan biri yadroviy urush bo‘lishi mumkinligini aytdi.
Shu bilan birga, Mask o‘zining «tinchlik rejasi»ni taklif qildi, bu uning fikricha, urushni tugatishga yordam berishi mumkin.
Ular:
- Birlashgan Millatlar Tashkiloti nazorati ostida bosib olingan hududlarda saylovlarni qayta o‘tkazish (xalq irodasi shunday bo‘lsa, Rossiya undan chiqadi);
- Qrim rasman Rossiya tarkibiga kiradi (Maskning fikricha, «1783-yildan Xrushchev xatosigacha shunday bo‘lgan»);
- Qrimni suv bilan ta’minlash;
- Ukraina neytral davlat bo‘lib qoladi.
Maskning e’tirof etishicha, «oxir-oqibat, natija aynan shunday bo‘ladi, biroq yagona savol – bungacha qancha odam o‘lishi».
Shu bilan birga, tadbirkor o‘z «takliflari» ostida «ha» va «yo‘q» deb ovoz berish shakli va variantlarini joylashtirdi.
Yana bir tvitida Mask shunday qo‘shimcha qiladi: «Shuningdek, bu mojaroning mumkin bo‘lgan, ammo ehtimoldan yiroq bo‘lmagan natijasi yadroviy urush bo‘lishi mumkinligini ham ta’kidlash joiz.»
Mask urush avvalidan buyon Ukraina hukumatini qo‘llab-quvvatlab keladi. Xususan, ularni Starlink sun’iy yo‘ldosh aloqa tizimlari bilan ta’minladi. Bu esa G‘arb jurnalistlari yozganidek, boshqa aloqa vositalari ishlamagan harbiy harakatlar sharoitida muhim rol o‘ynadi.
Maskning takliflaridan keyin minglab foydalanuvchilar izohlarda o‘z noroziliklarini bildirishdi.
Ilon Maskning chiqishi fonida Ukraina prezidenti ham o‘z tvitini joylashtirdi. Volodimir Zelenskiy foydalanuvchilardan: «Siz qaysi Maskni ko‘proq qo‘llab-quvvatlaysiz – Rossiyani qo‘llab-quvvatlaydiganmi yoki Ukrainani?», deb so‘radi.
Bu so‘rovnomada 10 soat ichida 1,7 mln kishi qatnashib, ularning 81,1 foizi Ukraina uchun ovoz berishgan.
O‘z navbatida Litva prezidenti Gitanas Nauseda ham Maskning tvitiga o‘ziga xos javob qaytardi.
Nauseda Maskning «Donbass va Qrim aholisi Rossiya yoki Ukrainaning bir qismi bo‘lishni xohlashlarini hal qilishlari kerak» deb yozgan tvitiga javoban: «Hurmatli Ilon Mask, agar kimdir sizning Tesla’ngiz g‘ildiraklarini o‘g‘irlasa, bu unga na Tesla’ga va na uning g‘ildiraklariga egalik huquqini bermaydi. Hatto Tesla va uning g‘ildiraklari buni yoqlab ovoz berganini da’vo qilsa ham», deb yozadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter