Iftorlik tashkil etgan ilk AQSh prezidenti haqida bilasizmi?
Amerika Qo‘shma Shtatlarining uchinchi prezidenti Tomas Jefferson Ramazon oyi munosabati bilan o‘z uyida iftorlik o‘tkazgan. Quyida bu haqida to‘xtalamiz.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Ramazon oyi 1805 yilning dekabr oyiga to‘g‘ri keladi. Tunislik Sidi Soliman Mellimelli o‘sha yillari AQShda olti oylik diplomatik missiyada xizmat qilgan. Musulmon hisoblangan arbob uchun begona muhitda mazkur muqaddas oyni o‘tkazish, ya’ni ro‘za tutish oson bo‘lmagan. O‘sha paytda ayrim amerikalik gazeta sharhlovchilari haqoratomuzlik qilib «uni jirkanch va vahshiylik asosida tasvirlash yoki Islomni zinokorlik bilan bog‘lash»ga urinishgan.
Shunday kunlarning birida u Qo‘shma Shtatlar prezidenti Tomas Jeffersondan kutilmagan taklif oladi. Davlat rahbari mehmondo‘stligi uchun ko‘plab tanqidlarga uchragan. Ammo u musulmon mehmonga alohida xushmuomalalik ko‘rsatgan edi.
Bu voqea quyidagicha tasniflangan. Ramazon oyi kunlarining birida prezident Jeffersonning kotibi Sidi Soliman Mellimellini soat 15:30ga ziyofatga taklif qilish uchun uning huzuriga tashrif buyuradi. Lekin u kelganida Mellimelli uyda – jaynamozida ibodat qilayotgan bo‘lgan. Ibodatni nihoyalab bo‘lgan arbob kotibga bu oy quyosh botguncha ovqatlana olmasligini aytadi. Natijada Jefferson kechki tanavvulni taxminan 90 daqiqa keyin – quyosh botishi arafasiga ko‘chiradi. Zamonaviy hisob-kitoblarga ko‘ra bu soat 17:00 larga to‘g‘ri kelgan. Kechki ovqatga tashrif buyurganlardan biri Jon Kvinsi Adams ushbu holat Ramazon oyi o‘rtalarida bo‘lganligi, o‘sha kunlarda turklar ertalabdan to quyosh botgunicha ro‘za tutayotganligi tufayli ro‘y berganligini ta’kidlaydi.
O‘sha oqshom Mellimelli ziyofatga biroz kechikkan. Bunga sabab sifatida ko‘plar u kechqurun ibodatlarini uyda, kechki ovqatdan oldin o‘qishga qaror qilgan bo‘lishi mumkinligini taxmin keltirishadi. Mellimelli ziyofatda yig‘ilganlar bilan tarjimon orqali ancha maroqli suhbat qilgan.
Garchi ziyofatda xurmo va tunis taomlari tortilmagan bo‘lsa-da, Jefferson va uning maslakdoshlari musulmon Mellimellining diniy urf-odatlarini hurmat qilishlari va qadrlashlarini, bu borada unga qo‘llaridan kelganicha ko‘mak ko‘rsatishlarini aytishadi. Shunday qilib, AQShning uchinchi prezidenti mamlakatda birinchi marta iftorlik dasturxoniga mezbonlik qilgani arbob sifatida tarixda qolgan.
Nurillo To‘xtasinov
tarjimasi
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter