Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Hokimiyat uchun kurash fitnalarga boy kechadi» – o‘zbekistonlik tahlilchilar Trampga suiqasd haqida

«Hokimiyat uchun kurash fitnalarga boy kechadi» – o‘zbekistonlik tahlilchilar Trampga suiqasd haqida

Foto: AP

13-iyul kuni Pensilvaniya shtatidagi saylovoldi uchrashuv payti AQSh prezidentligiga nomzod Donald Trampga qarshi suiqasd uyushtirilgani haqida xabar berilgan edi.

20 yoshli Tomas Metyu Kruks ismli shaxs tomonidan otilgan o‘q Trampning o‘ng qulog‘ini yalab o‘tgan. Siyosatchi yengil jarohat olgan, mergan esa otib o‘ldirilgan.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev zo‘ravonlik harakatini keskin qoralab, Trampga tez fursatda sog‘ayib ketishini tiladi.

O‘zbekistonlik bloger hamda siyosatshunoslar ham ushbu hodisaga munosabat bildirmoqda.

«Shunaqa vaziyatlarda ulardagi (AQSh nazarda tutilmoqda ؘ–  tahr.) holatni kuzatish qiziq. Boshqalarga o‘xshamagan davlat. Tramp respublikachi bo‘lishiga qaramay demokratlar ham unga nisbatan bo‘lgan holatni qoralamoqda. Hozircha uchta sobiq AQSh prezidentlari va Bayden bayonotini o‘qidim. Birdamlik ko‘rsatyapti. Hammasi siyosiy zo‘ravonlik holatlariga qarshiligini ifodalayapti. Bir nechta sobiq prezidentlar bayonoti, nomzodlar orasida teng raqobat borligi, qonunlar ishlaydi, qanday baxtli davlat-a?» – deb yozdi bloger Zafarbek Solijonov.

«Trampga suiqasd – AQShdagi o‘ta keskin holatni (demokratlar va respublikachilar o‘rtasidagi qarama-qarshilik kuchli fazada) yangi fuqarolar urushiga aylantirishga urinish bo‘lishi mumkin. Hozir Trampning tarafdorlari hech qanday shubhasiz aybni Baydenga yuklaydi. O‘zi shundoq ham qiyin vaziyatda turgan keksa Baydenning reytingi yanada pastlab ketishi ehtimoli katta. Tramp o‘zidan jabrdiyda yasash o‘yinini qoyillatayotgandek. Avvaliga iqtisodiy va jinoiy sudlarini unga qarshi qaratilgan siyosiy ayblovlar deb ta’rifladi. Endi suiqasd qurboni. Trampning prezident bo‘lishi borgan sari haqiqatga aylanyapti», – deya farazlari bilan o‘rtoqlashdi tahlilchi Muhammadqodir Sobirov.

«Trampning o‘qqa tutilishi va omon qolishi uning endi prezident bo‘lishini muqarrar qildi desa ham bo‘ladi. Bu uning siyosiy va moliyaviy elitaga qarshi kurashuvchi shahid obrazini yana mustahkamladi», – deb hisoblaydi BBC jurnalisti Ibrat Safo.

Siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov shanba oqshomida ro‘y bergan otishmani «AQShdagi siyosiy vaziyatni kardinal o‘zgartiruvchi ideal hodisa» deb atadi.

«Bir tomondan, Trampga hujum bo‘ldi, o‘q qulog‘iga tekkan, uning qoni to‘kilgan. Ikkinchi tomondan esa, hech qanday real zarar yetkazmagan. O‘zi shundoq ham Baydenning siyosiy vaziyati yaxshi emas edi. Bu voqeadan so‘ng Trampga nisbatan achinish, u tomon og‘ish foizi ancha oshadi.

Ishonaman, bu ishni na Trampning o‘zi, na Bayden tarafdorlari uyushtirgan. Bu kabi qaltis o‘yinlarda, agar kimdir buyurtma bergan bo‘lsa ham, unga olib boruvchi izlarni yo‘qotish juda kuchli o‘ylanadi. Qolaversa, eng qizig‘i – snayper Trampning kichik qulog‘ini uchiga mahorat bilan tekkan, lekin katta boshiga tegmagan.

Shuningdek, bunday ishni rejalagan har qanday aqli raso odam tirik qolmasligini juda yaxshi biladi. Xuddi shunday bo‘ldi ham – 20 yoshli ko‘rinishidan osiyolik bo‘lgan, asli respublikachi partiyasi a’zosi bo‘lgan snayper tezda otib o‘ldirilgan, tiriklay qo‘lga olinmagan. U «Trampni yomon ko‘rganligi» ma’lum qilingan.

Agar bu ish tasodif va yakka shaxsning rejasi bo‘lsa, Tramp va respublikachilar uchun juda zo‘r sovg‘a. Agar boshqa variantlar bo‘lsa, bu ham respublikachilar g‘alabasi uchun chuqur rejalangan proyekt. Katta hokimiyatlar uchun kurash ham juda katta, qaltis va fitnalarga boy bo‘ladi», – deya xulosa yasaydi K.Rabbimov.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring