Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Ham virtual, ham real hayotda tahdid» – YeI bosh diplomati jahonda matbuot erkinligi holatini baholadi

«Ham virtual, ham real hayotda tahdid» – YeI bosh diplomati jahonda matbuot erkinligi holatini baholadi

Foto: Reuters

Ommaviy axborot vositalari erkinligi, mustaqilligi va plyuralizm demokratik jamiyatning o‘zak tamoyili bo‘lsa-da, dunyoning ko‘plab mamlakatlarida matbuot erkinligi to‘laqonli ta’minlanmayotir. Bu haqda Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili, Yevropa komissiyasi vitse-prezidenti Jozep Borrelning 3 may – Jahon matbuot erkinligi kuni munosabati bilan bergan bayonotida so‘z boradi.

«Jurnalistlar, OAV xodimlari hamda jamoatchilikka ishonchli, mustaqil axborot berayotgan, inson huquqlari poymol etilishi va zulm-zo‘ravonlikni fosh etib, iqtidor egalarini hisobga tutayotgan barcha insonlar yanada ko‘proq tahqir, tahdid, hujumlarga, jumladan, dezinformatsiya vositasidagi hamlalarga nishon bo‘lmoqda», – deydi YeI bosh diplomati.

Qayd etilishicha, Ukraina, Belarus, Afg‘oniston, Filippin, Rossiya kabi mamlakatlar, Yaqin Sharq, Shimoliy Afrika, Markaziy Amerika kabi mintaqalarda jurnalistlar jonini xatarga qo‘yib faoliyat yuritmoqda. Xususan, ayol jurnalistlar ham virtual, ham real hayotda tahdid va hamlalarga uchramoqda, nafrat, trolling, zo‘ravonlik va qotillik qurboniga aylanmoqda.

«73 foiz ayol jurnalistlar kasbiy faoliyati davomida internet orqali tahdid, nafrat va nomaqbul munosabatni boshdan kechirgan. Qamoqqa olingan jurnalist ayollar soni misli ko‘rilmagan darajaga chiqdi», – deya vaziyatni xavotir bilan baholaydi J.Borrel.

Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 29-moddasida bunday deyiladi: «Har bir inson e’tiqod erkinligi va uni erkin ifoda qilish huquqiga ega; bu huquq hech bir to‘siqsiz o‘z e’tiqodiga amal qilish erkinligini hamda axborot va g‘oyalarni har qanday vosita bilan, davlat chegaralaridan qat’i nazar, izlash, olish va tarqatish erkinligini o‘z ichiga oladi».

Oliy vakil J.Borrel ushbu tamal moddani yodga olar ekan, YeI so‘z va matbuot erkinligi, mustaqil jurnalistlarni himoya qilishda sobit ekanini ta’kidlagan. Bu borada YeI tomonidan G‘arbiy Bolqonda «Jurnalistlar xavfsizligi», Kambojada «Mustaqil OAV va asosiy erkinliklarni qo‘llab-quvvatlash», Afg‘onistonda «OAV barqarorligi» kabi dasturlar amalga tatbiq etilmoqda.

Shuningdek, axborot manipulyasiyasining oldini olishga qaratilgan «YeI dezinformatsiyaga qarshi», «Raqamli OAVni kuzatish bo‘yicha Yevropa tizimi» kabi platformalar yaratilgan. YeIning OAV erkinligi to‘g‘risidagi qonun loyihasi ham shu yo‘ldagi muhim qadam sanaladi.

«Matbuot erkinligini himoya qilish va qo‘llab-quvvatlash – sarhad bilmas universal vazifadir. YeI butun dunyoda matbuot erkinligini mustahkamlash va bu boradagi tashabbus ko‘rsatish maqsadida hukumatlar, OAV va fuqarolik jamiyati namoyandalari bilan ham xalqaro, ham mahalliy darajada hamkorlikni davom ettiradi», – deb xulosa qiladi YeIning tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili. 

Avval xabar berganimizdek, J.Borrel 2022 yilda sayyoramizda inson huquqlari holati keskin yomonlashganini qayd etib, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 75 yilligida haq-huquqlar muhofazasi yo‘lida qat’iy chora-tadbirlar ko‘rishga da’vat qilgan edi.

Eslatib o‘tamiz, 3 may – Jahon matbuot erkinligi kuni sanasi 30 yildan oshiq tarixga ega. 1991 yili YuNESKOning Vindhuk shahrida (Namibiya) tashkil etilgan anjumanida erkin va mustaqil matbuotni qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida deklaratsiya qabul qilingan edi. BMT Bosh assambleyasining 1993 yil 20 dekabrdagi rezolyusiyasi bilan esa 3 may xalqaro bayram deb belgilangan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring