Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Ukrainada tinchlik faqat BMT Nizomi asosida o‘rnatilishi mumkin» – Borrel

«Ukrainada tinchlik faqat BMT Nizomi asosida o‘rnatilishi mumkin» – Borrel

Joriy yil 15-16 iyun kunlari Shveysariyada Rossiyaning Ukrainaga tajovuzini to‘xtatishga bag‘ishlangan Tinchlik cammiti bo‘lib o‘tadi. Unda dunyoning 90 ga yaqin davlatidan vakillar qatnashishi kutilmoqda. Ushbu muhim tadbir arafasida maxsus maqola yozgan Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili – Yevropa komissiyasi vitse-prezidenti Jozep Borrel Ukrainada tinchlik o‘rnatish shartlari va omillari haqida fikr yuritdi.

«Yevropa Ittifoqi bu harakatlarni to‘liq qo‘llab-quvvatlaydi. Hech kim tinchlikni Ukraina xalqidan ko‘ra ko‘proq istamaydi, ammo barqaror tinchlikka faqat BMT Nizomining asosiy tamoyillariga asoslangan holda erishish mumkin», – deb yozadi YeI bosh diplomati.

Qayd etilishicha, Rossiyaning bosqinchilik urushi va uning natijasi nafaqat Ukraina uchun, balki Yevropa xavfsizligi uchun ham katta ahamiyatga ega.

«Rossiyaga bosib olingan hududlarda repressiv rejimni saqlab qolishga imkon beradigan har qanday sulh bu tajovuzni mukofotlaydi, xalqaro huquqni zaiflashtiradi va Rossiya tomonidan hududiy kengayishni rag‘batlantiradi. 2022 yildan beri BMTning har bir hisobotida ukrainaliklarning shafqatsiz qatag‘onlari va bosib olingan Ukrainada inson huquqlari muntazam ravishda buzilishi haqida ko‘plab dalillar keltirilgan. Rossiya imperialistik ambitsiyalariga asoslangan sababsiz tanlov urushini olib bormoqda, Ukraina esa o‘z mavjudlik huquqini himoya qilish uchun zaruriy kurashmoqda», – deb yozadi J.Borrel.

Diplomatning fikricha, Rossiya prezidenti Vladimir Putin bir necha kun oldin Sankt-Peterburgda jang maydonida to‘liq g‘alabani ko‘zlashini aytar ekan, urushni zudlik bilan tugatishga ehtiyoj sezmasligiga ishora qilgan.

«Rossiya vijdonli muzokaralarga tayyor emasligi aniq va har qanday sulhdan qayta qurollanish va yana hujum qilish uchun foydalanadi. Rossiyaning tinchlik haqidagi bayonotlari shunchaki hududiy bosqinchilik urushini oqlashga qaratilgan yashirin urinishlardir», – deb hisoblaydi siyosatchi.

Albatta, urushni to‘xtatish muhim vazifa, ammo Ukraina siyosiy suvereniteti, hududiy yaxlitligi va o‘zini himoya qilish huquqiga zid takliflar tajovuzkorni siylashga olib keladi. Shunga ko‘ra Bryussel Ukrainaning 10 bandlik tinchlik formulasi kelajakdagi tinchlik muzokaralari uchun mustahkam asos bo‘lishiga ishonch bildirmoqda.

«Ha, urushlar odatda tinchlik kelishuvi bilan tugaydi, ammo bu tinchlik kelishuvining mazmuni Yevropa va global xavfsizlik, shuningdek, xalqaro qoidalarga asoslangan tartib uchun juda muhimdir», – deya vaziyatga teran nigoh bilan qarashga undaydi J.Borrel.

Tinchlik sammitida urushning global oziq-ovqat xavfsizligi va iqtisodiy barqarorlikka ta’siri, yadro xavfsizligi, asirlar almashinuvi, Rossiyaga o‘g‘irlab ketilgan minglab ukrainalik bolalarni qaytarish, Qora dengiz port infratuzilmasini himoya qilish va erkin navigatsiyani ta’minlash kabi masalalar ham muhokama qilinadi.

YeI bosh diplomati Osiyo, Yaqin Sharq, Afrika va Lotin Amerikasidan o‘nlab mamlakat va tashkilotlarning sammitda ishtirok etish niyatini bildirganini «urushni BMT Nizomi asosida tugatish uchun kuchli xalqaro dastak» deb atagan.

Jozep Borrel tinchlik muzokaralari asnosida Ukrainaga harbiy ko‘makni ham unutmaslik kerakligini urg‘ulagan.

«Biz diplomatik harakatlarimizni BMT Nizomining 51-moddasiga binoan Ukraina o‘zini himoya qilish huquqiga muvofiq harbiy yordam bilan qo‘llab-quvvatlashimiz kerak. Putin vijdonan muzokara olib borish niyatida emasligini hisobga olsak, Yevropaning Ukrainaga doimiy harbiy yordami Ukrainadagi tinchlik uchun diplomatik yo‘nalish kabi muhim bo‘lib qoladi», – deya xulosa yasaydi YeIning tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring