Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Berdimuhamedovning oila a’zolari daxlsizlik huquqiga ega bo‘ldi

Berdimuhamedovning oila a’zolari daxlsizlik huquqiga ega bo‘ldi

Turkmanistonda parlamentning yuqori palatasi tugatilib, bir palatali parlament – xalq hokimiyatining oliy organi Xalq maslahati tashkil etildi.

21-yanvar kuni esa Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedov «Turkmaniston Xalq maslahati raisi to‘g‘risida»gi qarorni imzolab unda «Turkmaniston Qahramoni, Turkmanistonning faxriy oqsoqoli, xalq Arkadag‘i, turkman xalqining milliy yetkachisi» Gurbanguli Berdimuhamedovni oliy organ – Xalq maslahati raisi etib tayinlagan edi.

Hujjatga ko‘ra, «Turkman xalqining milliy yetakchisi» va uning oila a’zolari daxlsizlik huquqiga ega. Bu uning va oila a’zolarining mulkiga ham tegishli.

Bundan tashqari, katta Berdimuhamedov endilikda mamlakat xalqiga murojaat qilish va parlament yig‘ilishlarida davlat tuzilmasi, ichki va tashqi siyosat va xavfsizlikning muhim masalalari, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish dasturlari bo‘yicha nutq so‘zlash doimiy huquqiga ham ega.

Eslatib o‘tamiz, Turkmanistonda ikki palatali  parlament 2021-yilning yanvarida tashkil etilgan edi. Gurbanguli Berdimuhamedov prezidentlik kursisini o‘g‘liga topshirganidan so‘ng mazkur parlamentning yuqori palatasiga raislik qila boshlagan edi.

Ma’lumot uchun, Qozog‘istonning sobiq prezidenti Nursulton Nazarboyev ham xuddi shunday vakolatlarga ega edi. Biroq 2023-yil 13-yanvarda parlament palatalarining qo‘shma majlisida Senat va Majlis deputatlari birinchi prezident to‘g‘risidagi qonunni bekor qilish uchun ovoz berishdi. 

«Birinchi Prezident to‘g‘risida»gi qonunda xalq yetakchisi daxlsizlik huquqiga ega ekani, uni hibsga olish va davlat rahbari bo‘lgan vaqtida sodir etgan qilmishlari uchun javobgarlikka tortish mumkin emasligi belgilab qo‘yilgan edi. Bundan tashqari, u prezidentlikdan to‘xtaganidan keyin ham javobgarlikka tortilishi mumkin emas. Millat yetakchisini qidirib, qamab, tintuv qilib bo‘lmaydi. Qozog‘istonning birinchi prezidenti va uning oilasi umrbod himoyaga ega bo‘lish huquqiga ega edi. Endi Nursulton Nazarboyevga sobiq prezident sifatida umumiy kafolatlar beriladi.

Nazarboyev, shuningdek,  2019-yil may oyida Qozog‘iston rahbari lavozimini tark etgach, olgan «Faxriy senator» unvonidan mahrum qilingan edi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring